Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Vazirlar Mahkamasining 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2023 yil birinchi choragida bajarilishi yuzasidan hisoboti muhokama qilindi.

Unda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov kun tartibidagi masala yuzasidan axborot berdi.

— Joriy yilning o‘tgan davrida Davlat dasturida belgilangan tadbirlarning bajarilishini ta’minlash va doimiy monitoring olib borish yuzasidan yaxlit tizim yaratildi, — dedi J.Qo‘chqorov. — Hisobot davrida Davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi yuzasidan jami 41 ta hujjat qabul qilingan. Davlat dasturida joriy yil birinchi choragida jami 59 ta yaxlit va kichik bandning ijrosini ta’minlash belgilangan bo‘lib, shundan 53 tasining ijrosi to‘liq bajarilgan, 6 tasining ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan tegishli hujjat loyihalari ko‘rib chiqilmoqda.

Davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar tahlili islohotlar samaradorligini ta’minlash, hududlarni kompleks rivojlantirish borasida sezilarli natijalarga erishilganini ko‘rsatmoqda. Jumladan, yalpi ichki mahsulot o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 105,5 foizga o‘sgan. Davlat byudjeti daromadlari 47,3 trillion so‘mga ijro etilgan. Aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida Davlat byudjetidan ijtimoiy sohalarga yo‘naltirilgan xarajatlar 18,1 trillion so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22,3 foizga oshgan.

Xisobot davrida jami qiymati 2,55 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgan, tovarlar va xizmatlar eksporti 3,2 milliard dollarga yetgan. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 6,2 trillion so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilgan.

Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish borasida belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar doirasida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joriy etiladigan va maqbullashtiriladigan 72 turdagi davlat xizmatlari va servislarini elektron shaklga o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar tasdiqlangan.

Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish borasida ham tizimli ishlar bajarilgan. Jumladan, aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish samaradorligini yanada oshirish, reproduktiv yoshdagi va homilador ayollar uchun yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish maqsadida 46 ta tumanlararo perinatal markazlarni tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha tegishli shartnomalar imzolangan. Xorijiy davlatlarda mehnat qilib qaytgan fuqarolarning bandligini ta’minlash va ularni reintegratsiya qilish maqsadida 80,2 ming nafarga yaqin fuqaroning bandligi ta’minlangan, — dedi bosh vazir o‘rinbosari o‘z axborotida.

Majlisda so‘z olgan deputatlar Davlat dasturidagi qator bandlarning ijrosi yuzasidan savollar bilan murojaat qildilar. Xususan, deputat Zulayho Akromova joylardagi uchrashuvlar davomida ayrim ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni “Ayollar daftari”ga kiritish, ularga moddiy yordam ajratish borasida muammolar borligi yuzasidan murojaatlar bo‘layotganini qayd etib, bu borada qanday chora-tadbirlar ko‘rilayotgani bilan qiziqdi.

Deputatning ushbu savoliga javoban og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan ishsiz xotin-qizlarni davlat hisobidan mehnat bozorida talab yuqori kasb-hunarlarga o‘qitish maqsadida 78 ming xotin-qizlarning manzilli ro‘yxati shakllantirilgani, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga moddiy yordam uchun muayyan mablag‘lar ajratilgani aytildi.

Bundan tashqari, “Yoshlar daftari”ga jami 70 ming 798 nafar yosh kiritilib, ularning 24 ming 467 nafariga kontrakt to‘lovi, mehnat qurollari uchun mablag‘, muddatli harbiy xizmat badali, haydovchilik kurslari, kasb-hunarga o‘qish va davolanish kabi yoshlar orasida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlardagi xarajatlar uchun 21,9 milliard so‘m qoplab berilgani qayd etildi.

Davlat dasturining ijrosiga oid hisobot yuzasidan qizg‘in muhokamalar davomida har bir siyosiy partiya fraksiyasi o‘z nuqtai nazarini, fikr-mulohazalarini bildirdi.

Jumladan, O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Haitov partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, Davlat dasturining milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, investitsiya dasturlarini amalga oshirish, yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga alohida e’tibor qaratdi.

O‘zMTDP fraksiyasi deputatlari esa partiya dasturiy vazifalariga hamohang ravishda oliy ta’lim muassasalarining 6 ta ta’lim muassasasida xorijiy ekspert ishtirokida ichki va tashqi ta’lim sifatini ta’minlash amaliyotini joriy etish, professional ta’lim xodimlariga mehnatga xaq to‘lashni takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni jadallashtirish yuzasidan takliflar berdi.

“Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyaviy holatlarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish choralari ko‘rilayotganini e’tirof etib, amaliyotda bu borada hali-hanuz ayrim muammolar, xususan, inson omili saqlanib qolayotganligi, shu bois, ayrim sohalarda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi holatlarning oldini olish, advokatura instituti jozibadorligini yanada oshirish orqali sohaga yosh kadrlarni jalb etishning samarali tizimini yaratish, advokaturaga ishga qabul qilish tartibini yanada soddalashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni jadallashtirish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.

Shuningdek, O‘zXDP fraksiyasi vakillari adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishlaridagi ishlarga e’tibor qaratgan bo‘lsa, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiya a’zolari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar, umuman, ekologik sohadagi bandlarning bajaralishi yuzasidan o‘z munosabatlarini bayon qildi.

Majlisda deputatlar joriy yilning ikkinchi choragida Davlat dasturining ijrosi ustidan tizimli ravishda monitoring o‘rnatish, parlament nazoratining barcha shakllaridan unumli foydalanish lozimligini qayd etdi. Muhokamalardan so‘ng Vazirlar Mahkamasining Davlat dasturi ijrosi yuzasidan taqdim etgan hisoboti ma’qullanib, qator takliflar aks etgan tegishli qaror qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA