Bugun O‘zbekiston zargarlik sanoati bo‘yicha Markaziy Osiyoning yetakchisiga aylanib ulgurdi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi mutasaddilari ishtirokidagi matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, global biznes olamida zargarlikning alohida o‘rni mavjud. San’at va sanoatning uyg‘unlashuvi natijasida vujudga kelgan ushbu yo‘nalish borgan sari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. O‘zbekiston esa bu tarmoqning eng qadimiy va muhim vakillaridan biri bo‘lib, qadimda sharq va g‘arbni bog‘lagan Buyuk Ipak yo‘li markazlaridan sanalgan Toshkent shahri bugun yurtimizning zargarlik bo‘yicha an’analari va rivojlanish tendensiyalari hamda xalqaro bozor tamoyillariga ko‘ra, dunyoning ko‘plab zargarlik kompaniyalari va tadbirkorlarini o‘zida jamlamoqda.
Qayd etilishicha, o‘tgan yillar davomida soha rivoji maqsadida zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha yoki birja savdo tizimi orqali qimmatbaho metallardan foydalanish imkoniyati ta’minlandi. Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishga berilgan litsenziyalar bekor qilinib, o‘rniga ushbu turdagi faoliyatni amalga oshirish uchun tegishli tartibda xabardor qilish tartibi joriy etildi.
Affinaj korxonalariga o‘zlari ishlab chiqargan o‘lchovli quymalarni jismoniy va yuridik shaxslarga sotish imkoniyati berildi hamda zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar o‘zlari ishlab chiqargan zargarlik buyumlarini mustaqil ravishda asillik darajasini aniqlash va tamg‘alash huquqini qo‘lga kiritdi.
Sohada faoliyat yuritayotgan korxonalarning soni 1 ming 171 taga yetdi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA