Latviya parlamenti delegatsiyasi Qonunchilik palatasiga tashrif buyurdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 17 aprel kuni Latviya Respublikasi Seymi Raisi Inara Murniyetse rahbarligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov O‘zbekiston va Latviya o‘rtasida o‘zaro ishonch hamda manfaatdorlikka asoslangan munosabatlar parlamentarizm sohasida izchil rivojlanayotgani qayd etdi. Mamlakatlarimizni ko‘p yillik hamkorlik va mustahkam do‘stlik rishtalari bog‘lab turishi, qonun ijodkorligi borasidagi faol aloqalar va o‘zaro maslahatlashuvlar teng huquqlilikka asoslangan sheriklik munosabatlarining yana bir ifodasi ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston bilan Latviya o‘rtasidagi munosabatlar mustahkam huquqiy asosga ega. 1992 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganidan buyon o‘zaro hamkorlikning deyarli barcha sohalariga oid davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo ko‘plab hujjatlar imzolangan.
5.JPG
Qonun chiqaruvchi organlar o‘rtasidagi hamkorlik ijobiy samaralarini bermoqda. 2010 yilda Latviya Seymida ta’sis etilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha guruh hamda 2012 yilda O‘zbekiston parlamentida tashkil qilingan Latviya Seymi bilan hamkorlik bo‘yicha guruh o‘zaro tajriba almashishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning me’yoriy-huquqiy bazasi, hamkorlikning huquqiy-kelishuv asoslarini takomillashtirishga oid masalalar muhokama qilindi. Uyushgan jinoyatchilik, terrorizm, giyohvand va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘yicha tuzilgan O‘zbekiston – Latviya hamkorlik komissiyasi olib borayotgan ishlar yuzasidan fikr almashildi.
10.JPG
Uchrashuvda mehmonlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, undagi qo‘mitalar, fraksiyalar va deputatlik guruhlarining faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berildi.

 

Ulug‘bek Shonazarov, A’lo Abdullayev (surat) O‘zA