Insonning erkinligini, huquqlarini poymol qilishga qaratilgan odam savdosi dunyo jamoatchiligi tomonidan keskin qoralanadi. Bu jinoyatga qarshi kurashish xalqaro miqyosda davom etayotganiga qaramay, bu illat hamon mavjud.

Shu bois bu sohada qabul qilingan xalqaro hujjatlar, milliy qonunchilik ijrosi dolzarb ahamiyatga molik. Bu borada 2008 yil 17 aprelda O‘zbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingan bo‘lib, qonun odam savdosiga qarshi kurashish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish, muhimi, odam savdosidan jabrlanganlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatishda muhim huquqiy asos vazifasini bajarib kelmoqda.

Mazkur qonun qabul qilinganligining o‘n yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida xalqaro davra suhbati tashkil etildi.

BMTning Narkotik va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi (UNODC)ning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Oliy sud, Ichki ishlar vazirligi, Interpolning O‘zbekistondagi milliy markaziy byurosi hamda odam savdosiga qarshi kurashuvchi jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Bosh prokuror o‘rinbosari G‘ayrat Hidoyatov O‘zbekistonda inson manfaatlarini ta’minlash, huquqlarini himoya qilish borasida izchil ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Odam savdosi jinoyatining oldini olish, unga qarshi kurashish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun odam savdosiga qarshi kurashishda davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligi mustahkamlanishiga mustahkam huquqiy zamin yaratdi.

Davra suhbatida BMTning Narkotik va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi vakili Ashita Mittal odam savdosi jinoyati global muammolardan biri ekanini qayd etdi. Ayanchlisi, bu jinoyat girdobiga ojiz va himoyaga muhtoj bo‘lgan bolalar va ayollar ko‘proq tushayotganidir. O‘zbekistonda bu jinoyatga qarshi kurashish, bu borada xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Odam savdosiga qarshi kurashish bilan bog‘liq BMT hujjatlari ratifikatsiya qilinishi bilan birga milliy qonun ham qabul qilingan. Muhimi, bunday turdagi jinoyatlar kamayishiga erishildi, odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish tizimi shakllangan.

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasida odam savdosiga qarshi kurashishining huquqiy va institutsional asoslari, Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo komissiya faoliyati, mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq jarayonni tartibga solish, odam savdosidan jabrlanganlarni himoya qilish va ularga yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Tadbir davomida “Jinoyatchilar emas, jabrlanganlar-2” filmi namoyish etildi.

Bosh prokuratura hamda BMTning Narkotik va jinoyatchilikka qarshi kurash tashkilotining Markaziy Osiyodagi Mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida, AQSh Davlat departamentining huquqni qo‘llash va narkotik bo‘yicha nazorat byurosi moliyaviy ko‘magida yaratilgan filmda odam savdosi bo‘yicha jinoyat ishlarini yuritish bilan bog‘liq halqaro standartlarga oid qo‘llanmalar qamrab olingan.

Film taqdimotidan so‘ng ishtirokchilar bu yo‘nalishda olib borilgan ishlar natijalari, uchrayotgan kamchiliklar, ularni bartaraf etish borasida fikr almashdi.

 

Norgul Abduraimova, O‘z