O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Kengashida Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni munosabati bilan “Inson qadri va salomatligi ish joylaridagi xavfsiz mehnat qilish sharoitlari bilan uzviy bog‘liq” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Nukus shahar tibbiy-ijtimoiy ekspertizasi, Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, tarmoq va hududiy Kengash rahbarlari, korxona, muassasa va tashkilotlardagi kasaba uyushmalari qo‘mita raislari, mehnatni muhofaza qilish xizmati mutaxassislari ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari, dastlab, mehnatni muhofaza qilish borasida foydalaniladigan asbob-uskunalar, maxsus kiyim va himoya vositalari ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Davra suhbatining maqsadi mehnatni muhofaza qilish sohasida xodimlarga xavfsiz mehnat sharoitini yaratish, ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan baxtsiz hodisalarning oldini olish, mehnatta nogiron bo‘lgan  yoki kasb kasalligiga chalingan shaxslarning kasbiy mehnat qilish darajasini belgilash, inson qadri va salomatligi yo‘lidagi harakatlarni shakllantirishga hissa qo‘shishdan iborat.

Hozirgi vaqtda Xalqaro mehnat tashkilotiga a’zo bo‘lgan har bir davlat inson qadri va salomatligi ish joylaridagi xavfsiz mehnat qilish sharoitlari bilan uzviy bog‘liq ekanligini allaqachon anglab yetdi. Chunki, hattoki bozor iqtisodiyotida xizmat qilayotgan xodimlarga ham xavfsiz hamda noqulay bo‘lmagan mehnat sharoitlari yaratilib berilishi zarur. Bunday sharoitlar yaratilib berilmagan hududlarda esa o‘z navbatida, iqtisodiyotning va xalqning turmush kechirish darajasining rivojlanishida qator muammolarni keltirib chiqaruvchi omillar paydo bo‘lishi mumkin.

– 2022 yilning yakuni bo‘yicha  ish beruvchilar tomonidan 3 ming 96 ta mehnatni muhofaza qilish borasida tadbir o‘tkazildi, – deydi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Kengashi Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Sultamurat Orazimbetov.– Shuningdek,  xodimlarni oziq-ovqat, shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan ta’minlashga 8 milliard  737  million 372 ming so‘m, ularni  vaqti-vaqti bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun esa 1 milliard 570  million 617 ming so‘m miqdorida mablag‘ sarflandi. Bundan tashqari,  ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish uchun yoki xodimlar ishlab chiqarish bilan bog‘liq baxtsiz hodisaga uchragan hollarda, ularga keltirilishi mumkin bo‘lgan moddiy zararlarning oldini olish maqsadida 1 milliard 287 million 940 ming so‘m miqdorida mablag‘ sarflandi. Bularning barchasi joylarda inson qadri va salomatligiga yuksak darajada e’tibor berilayotganidan darak beradi.

Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Davra suhbatining yakunida mehnat muhofazasi va xavfsizligi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini tashkil etish  yuzasidan  o‘tkazilgan  respublika ko‘rik tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida g‘olib bo‘lgan korxonalar, boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitalari, mehnatni muhofaza qilish xodimlari qimmatbaho sovg‘alar hamda diplomlar bilan taqdirlandi.

Dovud ABIBULLAEV,  

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA