AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken va Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov Vashingtonda bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama qilishdi. Bu haqda Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari o‘rinbosari Vedanta Patel ma’lum qildi.

Uning bayonotiga ko‘ra, Blinken va Meredov “mintaqadagi o‘zgarishlar, xavfsizlik sohasidagi hamkorlik va iqtisodiy imkoniyatlar sohasida sheriklik” haqida suhbatlashishgan.

AQSH tashqi siyosat departamenti rahbari “AQSH Turkmaniston suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashini” ta’kidladi.

“Davlat kotibi iqlim inqiroziga qarshi kurashish uchun metan chiqindilarini kamaytirish muhimligini qayd etdi va Turkmaniston bilan neft-gaz sektorida metan chiqindilarini tezlik bilan kamaytirish bo‘yicha hamkorlik qilish imkoniyatlarini belgilab olishdi”, dedi Patel.

Blinken va Meredov “madaniy-ma’rifiy sohalardagi hamkorlik masalalarini”, shuningdek, “Turkmanistonda inson huquqlari va ishchilar huquqlarini hurmat qilish” nuqtai nazaridan holatni yaxshilash choralarini muhokama qildi.

O‘zA