Prezident farmoni bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalarini telekanallar, shuningdek, internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatishni ta’minlash belgilangan.
Chunki bu mahalliy Kengashlarda ochiqlik ta’minlanishi, ular faoliyatidan aholi va keng jamoatchilik xabardor bo‘lishida muhim o‘rin tutadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur tartibning mahalliy Kengashlar tomonidan 2022 yil davomida ijro etilishi holatini tahlil qildi.
Agentlik axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, o‘rganish davomida kengashlar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarning haqqoniyligi ko‘rib chiqildi. Bunda sessiyalar to‘g‘risida e’lon qilingan qisqa xabarlar yoki foto va videoreportajlar farmon talablari ijrosini ta’minlamaganlik sifatida baholandi. Shuningdek, masofaviy monitoring tartibida translyatsiyalarning sifati va to‘liqligi o‘rganildi.
Aniqlanishicha, 2022 yil davomida xalq deputatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari tomonidan jami 245 sessiya o‘tkazilgan. Ulardan faqatgina 61 tasi, ya’ni 25 foizi mahalliy telekanallar yoki internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilgan.
Misol uchun, xalq deputatlari Xorazm, Jizzax, Namangan, Farg‘ona viloyati va Toshkent shahar kengashlari tomonidan 2022 yil davomida o‘tkazilgan bironta sessiya jonli efirga uzatilmagan.
Xalq deputatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari sessiyalarining onlayn efirga uzatilish holati
(2022 yil davomida)
Hududlar | O‘tkazilgan sessiyalar soni | Efirga uzatilgan sessiyalar soni | Jonli efirga uzatilmagan sessiyalar |
Jizzax viloyati | 11 | 0 | 11 (100%) |
Toshkent shahar | 22 | 0 | 22 (100% |
Namangan viloyati | 7 | 0 | 7 (100% |
Xorazm viloyati | 17 | 0 | 17 (100 %) |
Farg‘ona viloyati | 13 | 0 | 13 (100%) |
Surxondaryo viloyati | 24 | 1 | 23 (96%) |
Qashqadaryo viloyati | 18 | 3 | 15 (83%) |
Andijon viloyati | 14 | 4 | 10 (71%) |
Toshkent viloyati | 22 | 4 | 18 (82%) |
Qoraqalpog‘iston Respublikasi | 15 | 7 | 8 (53%) |
Sirdaryo viloyati | 14 | 8 | 6 (43%) |
Navoiy viloyati | 17 | 9 | 8 (47 %) |
Samarqand viloyati | 26 | 11 | 15 (54%) |
Buxoro viloyati | 25 | 14 | 11 (44 %) |
Jami | 245 | 61 | 184 (85 %) |
Shuningdek, o‘rganish davomida xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlari sessiyalarining jonli efirga uzatilishi holati ham tahlil qilindi.
Aniqlanishicha, 2022 yil davomida xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlari tomonidan respublika bo‘yicha jami 3 ming 154 sessiya o‘tkazilgan bo‘lib, ulardan faqatgina 750 tasi, ya’ni 24 foizi mahalliy telekanallar yoki internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilgan.
Jumladan, Toshkent viloyatida 13 ta (O‘rtachirchiq, Bo‘ka, Yangiyo‘l, Toshkent t., Yuqorichirchiq, Oqqo‘rg‘on, Bo‘stonliq, Quyichirchiq, Parkent, Angren, Chirchiq, Nurafshon, Yangiyo‘l), Andijon viloyatida 8 ta (Andijon t., Jalaquduq, Baliqchi, Qo‘rg‘ontepa, Marhamat, Ulug‘nor, Asaka, Buloqboshi), Buxoro viloyatida 6 ta (Shofirkon, Kogon, Peshku, Romitan, Jondor, G‘ijduvon), Qashqadaryo viloyatida6 ta (Shahrisabz, Dehqonobod, Muborak, Qarshi shahar, G‘uzor, Nishon), Navoiy viloyatida 4 ta (Tomdi, Xatirchi, Konimex, Navbahor), Namangan viloyatida 4 ta (Chortoq, Chust, Kosonsoy, Uychi), Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3 ta (Qo‘ng‘irot, Beruniy, Bo‘zatov), Xorazm viloyatida 3 ta (Bog‘ot, Qo‘shko‘pir, Xiva sh.), Surxondaryo viloyatida 2 ta (Denov, Sariosiyo), Samarqand viloyatida 1 ta (Qo‘shrabot) xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari sessiyalari umuman jonli translyatsiya qilinmagani ma’lum bo‘ldi.
Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari sessiyalarining jonli efirga uzatilish holati
(2022 yil davomida)
Hudud (tuman, shahar) | O‘tkazilgan sessiyalar soni | Efirga uzatilgan sessiyalar soni | Jonli firga uzatilmagan sessilar soni |
Jizzax viloyati | 25 | 0 | 25 (100%) |
Toshkent shahar | 235 | 0 | 235 (100%) |
Namangan viloyati | 119 | 5 | 114 (96%) |
Farg‘ona viloyati | 316 | 6 | 310 (98%) |
Andijon viloyati | 176 | 6 | 170 (97%) |
Qashqadaryo viloyati | 182 | 29 | 153 (83%) |
Navoiy viloyati | 175 | 31 | 144 (82%) |
Sirdaryo viloyati | 168 | 51 | 117 (70%) |
Toshkent viloyati | 402 | 54 | 348 (87%) |
Buxoro viloyati | 267 | 66 | 201 (75%) |
Qoraqalpog‘iston Respublikasi | 254 | 67 | 187 (74%) |
Xorazm viloyati | 219 | 71 | 148 (68%) |
Surxondaryo viloyati | 215 | 123 | 92 (43%) |
Samarqand viloyati | 401 | 241 | 160 (40%) |
Jami | 3 154 | 750 | 2 404 (76%) |
O‘zA