Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov boshchiligidagi parlament delegatsiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatiga tashrifi boshlandi.

Tashrif dasturidan saylovchilar, mahalliy Kengashlar deputatlari, jamoatchilik faollari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘rin olgan.

30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Konstitutsiyasini yangi tahrirda qabul qilish bo‘yicha referendumga tayyorgarlikning borishi yuzasidan «Temurbeklar maktabi»da bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bo‘lajak referendumning muhimligini ta’kidlandi. Mahalliy Kengashlar deputatlari yig‘ilganlarning e’tiborini Qoraqalpog‘istonda istiqomat qilayotgan fuqarolarning bo‘lajak referendumga nisbatan yuksak kayfiyatiga, yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasi xalq orasida qo‘llab-quvvatlanayotganiga qaratdi.

Hayotiy misollar asosida mustaqillik yillarida hududda erishilgan natijalar, fuqarolarning turmush sharoiti sifat jihatidan yaxshilangani ko‘rsatkichlari keltirildi.

Deputatlar «Nukus windows profil» MCHJ mehnat jamoasi bilan uchrashuv o‘tkazdi, ularning ish va turmush sharoiti bilan qiziqdi. Korxona xodimlari xalq vakillariga bo‘lajak referendum yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib,  atroflicha javob oldi.

Nukus shahrida deputatlarning Sarvinoz mahallasi fuqarolari bilan uchrashuvi ochiqlik va konstruktivlik ruhida o‘tdi. Mahalla fuqarolar yig‘inining aholi bilan o‘zaro hamkorligini takomillashtirish, ularga zarur ma’lumotlarni yetkazish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash masalalari muhokama qilindi.

Deputatlarning fermerlar, xususan, Kegeyli tumani fermer xo‘jaliklari vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvlari ham samarali bo‘ldi. Qishloq xo‘jaligi klasterlari faoliyati atroflicha muhokama qilinib, ijro hokimiyati vakillari ishtirokida fermerlar tomonidan ko‘tarilgan bir qator amaliy masalalar hal etildi.

O‘zA