AQSh delegatsiyasining uchrashuvlari

AQSh Davlat kotibi yordamchisining inson huquqlari, demokratiya va mehnat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Rendi Berri boshchiligidagi delegatsiya 6 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida muzokara o‘tkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev O‘zbekiston va AQSh hamkorligi izchil taraqqiy etayotgani, ikki davlat rahbarlarining muloqotlari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik rivojiga yangi sur’at bag‘ishlaganini ta’kidladi.

Mamlakatlarimiz parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Parlamentlar hamda hukumatlar darajasidagi ikki tomonlama tashriflar faollashgani siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda o‘zaro fikr va tajriba almashish imkonini bermoqda.

5.JPG

6 (1).JPG
AQSh delegatsiyasi Oliy Majlis Senati faoliyati bilan tanishtirildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan davlat va jamiyatni isloh qilish borasidagi demokratik yangilanishlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Muloqotda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarning huquqiy asosini mustahkamlash va fuqarolik jamiyati institutlarining davlat boshqaruvidagi ishtirokini ta’minlashda parlamentlararo hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Davlat va jamiyat hayotida kechayotgan demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish yo‘lida o‘zaro tajriba almashuvini faollashtirishga oid masalalar yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasida bo‘lib o‘tgan muloqotda vijdon va diniy e’tiqod erkinligi, fuqarolarning jinsi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar, qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, diniy tashkilot faoliyati haqida so‘z yuritildi.

12 (1).JPG

15.JPG
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimov mamlakatimizda turli dinlar o‘rtasidagi munosabat bag‘rikenglik, hamjihatlik tamoyillari asosiga qurilgani, diniy bag‘rikenglik sohasidagi tashabbuslar tinchlikni asrash, sof islom ma’rifatini keng yoyishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

AQSh delegatsiyasi a’zolariga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, turli din va millat vakillarining ahil hayoti va faoliyati, mamlakatimiz rahbariyati tomonidan bu borada olib borilayotgan ishlar haqida so‘zlab berildi.

Rendi Berri O‘zbekistonda tabarruk qadamjolarni obodonlashtirish, milliy-diniy urf-odatlarni asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan ulkan ishlar tahsinga loyiq ekanini ta’kidladi.

 

Ulug‘bek Shonazarov, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA