O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Tojikiston Respublikasi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya vazirligi hamda Slovakiyaning “Shimko Group” korxonasi o‘rtasida tuzilgan innovatsion texnologiyalar transferi to‘g‘risidagi memorandum doirasida Dushanbe shahrida “DB Biotexnologiya” (Slovakiya-O‘zbekiston) laboratoriyasining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi.

Mazkur laboratoriyada saraton kasalligini molekulyar tashxislash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Slovakiyadan innovatsion texnologiyalar transferining amalga oshirilishi esa ikki davlat milliy tibbiyotining rivojlanishiga xizmat qiladi.

Laboratoriya binosining tantanali ochilishi Tojikistondagi eng yirik saraton kasalliklari ilmiy markazi hududida tashkil etildi. Shuningdek, Abu Ali Ibn Sino nomidagi Tojikiston davlat tibbiyot universitetida ilmiy konferensiya tashkil etildi.

O‘zbekiston, Tojikiston, Slovakiya Respublikasi tibbiyot hamjamiyatining nufuzli olimlari, mutaxassislari, amaliyotchi-mutaxassislari konferensiya ishida ishtirok etib, ilmiy ma’ruzalarini taqdim qildi. O‘zbekiston, Tojikiston va Slovakiya olimlari o‘rtasida onkologik kasalliklar diagnostikasining zamonaviy usullari, O‘zbekiston va Tojikistonda qo‘shma ilmiy laboratoriyalarni rivojlantirish rejalari va istiqbollari, tibbiyotni rivojlantirish sohasidagi xususiy va davlat tashabbuslari hamkorligi muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Tojikistonda “DB Biotexnologiya” laboratoriyalarining ochilishi o‘smalarning gistologik turini aniqlashda, saraton kasalligini differensial tashxislashda eng yuqori samaradorlik va aniqlikka erishishga imkon beradi. Shuning uchun respublikalarning tibbiyot muassasalari uchun target terapiyani tanlashda va davolash natijalarini prognozlashda yordam beradi.

Mazkur laboratoriyalar tarmog‘ini kengaytirishning muhim bosqichi milliy ilmiy-ishlab chiqarish bazasida onkologik va autoimmun kasalliklarni davolashda foydalaniladigan antitanachalarni ishlab chiqish bo‘ladi.

O‘zA