BMTning Xotin-qizlar holati bo‘yicha komissiyasining 67-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning barcha mintaqalaridan a’zo davlatlar delegatsiyalari ishtirok etdi.
Sessiyada raqamli texnologiyalar va ayollar huquqlari muhokama etildi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish insoniyat ijodiy g‘oyalarsiz fan va texnologiya sohasida o‘z salohiyatining faqat yarmini amalga oshira olishiga e’tibor qaratdi.
Tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi gender tenglik siyosati, ta’lim va ilm fanda xotin-qizlarga berilayotgan imtiyozlar va imkoniyatlar, xotin-qizlar ijtimoiy himoyasini ta’minlashdagi innovatsion yondashuv, ayollar tadbirkorligi va biznes yo‘nalishida imkoniyatlarni kengaytirishda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan to‘plangan tajriba haqida ma’lumot berildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi BMT Aholishunoslik jamg‘armasining vakillari bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida ular O‘zbekistonda gender tenglik sohasida olib borilayotgan islohotlar, gender siyosatning samarali natijalarini va qabul qilinayotgan qonunlarni doimiy kuzatib borishini e’tirof etdi.
Muloqot davomida zo‘ravonlikni sodir etgan shaxslar bilan ishlash bo‘yicha standart operatsion ish tartiblarini (SOT) joriy etish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarni davom ettirish, OAV vakillari uchun gender bo‘yicha o‘quv-seminarlarini tashkil etish, gender statistikasini samarali yuritish, zo‘ravonlikka uchragan nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar uchun treninglar o‘tkazish samaradorligini yaxshilash masalalari muhokama qilinib, bu borada hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Delegatsiya vakillari «BMT-ayollar» tuzilmasi ijrochi direktori o‘rinbosari Anita Bxatiya bilan uchrashdi. Muloqot davomida u ham O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi.
BMT vakili 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi hamda 2022–2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha milliy dasturni amalga oshirishda texnik va moliyaviy ko‘mak jalb etilishida har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Jumladan, ayollarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish borasida innovatsiya va raqamli texnologiya dasturlarini ishga tushirish bo‘yicha hamkorlikka oid aniq loyihalar ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.
BMT sessiyasi doirasida vakillarimiz xorijiy delegatsiyalar bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi va bir qator kelishuvlarga erishdi.
O‘zA