Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi UNICEF tomonidan yana bir xayrli loyiha amalga oshirilmoqda. Bu loyiha orqali Qoraqalpog‘istonning chekka hududlaridagi o‘n minglab odamlar yaxshilangan suv, sanitariya va gigiyena sharoitlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ushbu dastur doirasida tumandagi 6 ta sog‘liqni saqlash muassasasi va 3 ta maktabda 23 ming kishi, jumladan, 1500 dan ortiq maktab o‘quvchilari uchun Suv sanitariya va gigiyena (SSG) xizmatlari yaxshilanadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, UNICEF SSG inshootlari bilan bir qatorda tibbiy chiqindilar va sarf materiallarini qayta ishlash uchun jihozlangan bino ham qurdi. Maxsus mashina ekologik toza bo‘lib, tibbiy chiqindilarni yoqish bilan bog‘liq xavfli toksinlarni yaratmaydi. Bundan tashqari, ishlab chiqarilgan sterillangan tibbiy chiqindilar qurilish uchun asosiy material sifatida ishlatilishi yoki maishiy chiqindilar bilan birga utilizatsiya qilinishi mumkin. Bu xalqaro tashkilot tomonidan mahalliy sog‘liqni saqlash idoralariga topshirgan uchinchi ob’ektdir. Ilgari xuddi shunday inshootlar Qo‘ng‘irot va Bo‘zatov tumanlarida ham qurilgan. Shu o‘rinda aytish lozim, Qoraqalpog‘istonning uchta tumanida yuqumli tibbiy chiqindilar va sarf materiallarini yaxshilashga jami 600 ming dollar sarflandi.
SSG infratuzilmasini yaxshilash chora-tadbirlari UNICEF boshchiligidagi BMTning Qoraqalpog‘istonning mustahkam kelajagiga bolalar va yoshlarning salomatligi, oziqlanishi, SSG va farovonligini yaxshilash orqali sarmoya kiritish bo‘yicha qo‘shma dasturining bir qismidir. Dastur Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik trast fondi tomonidan 3550000 AQSH dollari miqdoridagi byudjet bilan moliyalashtirilgan.
Xususan, UNICEF O‘zbekiston hukumati tomonidan birlamchi tibbiy yordam darajasini yaxshilash, ya’ni uyga borish xizmatlari samaradorligini oshirish borasidagi sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu oila shifokorlari va patronaj hamshiralarning ona, bola va o‘smirlar salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha dalillarga asoslangan bilim va ko‘nikmalarini oshirish orqali amalga oshiriladi.
UNICEF O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Joffri Ijumbaning so‘zlariga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston hukumati bilan maktablar va sog‘liqni saqlash muassasalarida iqlimga chidamli SSG infratuzilmasini yaxshilashda doimiy ravishda hamkorlik qilib keladi. JSST va UNFPA bilan birgalikda biz 2023 yil dekabrigacha Qoraqalpog‘istonda 320 ming kishining birlamchi tibbiy yordam darajasida muhim tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini yaxshilashni maqsad qilganmiz.
Go‘zal Sattorova,
O‘zA