Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibi Entoni Blinken boshchiligidagi delegatsiya tashrif bilan O‘zbekistonga keldi.

1 mart kuni E.Blinken dastlab O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov bilan uchrashdi.

Muloqot davomida hamkorlikni yanada rivojlantirish masalasi muhokama qilindi. Biznes almashinuvi uchun qulay sharoit yaratish,  kadrlar salohiyatini oshirish, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatni birlashtirishga kelishib olindi.

Shundan so‘ng mehmonlar Toshkentning ma’naviy va diniy yuragi hisoblangan Hazrati Imom majmuasiga tashrif buyurdi. AQSH vakillarini O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov kutib oldi. Davlat kotibiga Hazrati Imom majmuasi, inshootga yondosh barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi, hududda mo‘min-musulmonlar uchun yaratilgan sharoitlar xususida ma’lumot berildi.

AQSH Davlat departamenti rahbari O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga ham tashrif buyurib, talabalar bilan samimiy muloqot qildi. Taniqli diplomat AQSH va O‘zbekiston o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni ijobiy baholadi.

Shu kunning o‘zida Entoni Blinken ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing tashkil etildi.

– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabat O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, tubdan rivojlandi, – dedi AQSH tashqi siyosat idorasi rahbari. – Bugun bo‘lib o‘tgan barcha uchrashuvlar mavjud aloqani yanada mustahkamlashga zamin yaratadi. Biz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Shu o‘rinda, O‘zbekistonning mehnat huquqi sohasida erishgan yutuqlarini alohida e’tirof etmoqchiman. 11 yil davomida 300 dan ortiq xalqaro kompaniya bolalar mehnati va majburiy mehnat tufayli o‘zbek paxtasidan foydalanishdan bosh tortib kelayotgan edi. O‘zbekiston hukumati mahalliy va xalqaro mehnat uyushmalari, inson huquqi sohasiga oid tashkilotlar bilan hamkorlikda nafaqat yangi mehnat kodeksini qabul qildi, balki hujjatning amalda tadbiq qilinishini ta’minlash orqali turli qonunbuzarliklarning oldini oldi. Bu tarixiy yutuq va boshqa mamlakatlarga namuna.

Shu tariqa AQSH Davlat kotibining mamlakatimizga tashrifi yakunlandi. Entoni Blinken 2 mart kuni Nyu-Dehli shahrida o‘tadigan “Katta yigirmatalik” mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida ishtirok etadi.

Behro‘z XUDOYBERDIEV,

O‘tkir ALIMOV,

Nosirjon HAYDAROV (surat),

O‘zA