Toshkentda O‘zbekiston-Ispaniya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo hamda Ispaniya Sanoat, savdo va turizm vazirliklari hamkorligida tashkil etildi.
Forumda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan valyuta bozorini liberallashtirish, soliqlar sonini qisqartirish, erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish, Taraqqiyot strategiyasini qabul qilish orqali olib borilayotgan ma’muriy islohotlar haqida ma’lumot berildi. Xususiy mulk himoyasi, sanoat siyosati yo‘nalishidagi, tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlar samaradorligi ta’kidladi.
O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ преференциялар tizimi benefitsiari maqomini oldi, JSTga a’zo bo‘lish yo‘lida faol harakat qilmoqda. Izchil sa’y-harakat tufayli yurtimizda investitsiya muhiti yaxshilanib, tashqi savdo ko‘lami kengaymoqda. 2022 yil Yevropa Ittifoqi bozoriga mahsulotlarimiz eksporti 50 foiz, Ispaniya bozoriga esa 2.5 barobar oshdi. Shu bilan birga tovar ayirboshlashni rivojlantirish uchun ulkan salohiyat mavjud. Demak, yetkazib berilayotgan tovarlar ro‘yxatini kengaytirish, hajmini oshirish maqsadida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarini qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash zarur.
Tadbir davomida O‘zbekiston tomoni iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish uchun ikki mamlakatning raqobatbardosh ustuvorligidan foydalanishni kuchaytirish tashabbusini ilgari surdi. Avtomobilsozlik va butlovchi qismlar ishlab chiqarish, farmatsevtika, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, aholiga xizmat ko‘rsatish va infratuzilmani rivojlantirish eng istiqbolli yo‘nalishlar ekani ta’kidlandi. Bundan tashqari, har ikki davlat erkin savdo rejimiga ega yirik mintaqaviy birlashmalarga a’zo. Bu tadbirkorlar o‘rtasidagi o‘zaro savdo aloqasini kengaytirish uchun qo‘shimcha shart-sharoit yaratadi.
Forum doirasida delegatsiyalar rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi. Savdo va investitsiyaviy hamkorlikni, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi qadamlarni belgilash tomonlar diqqat markazida bo‘ldi. Muzokara davomida farmatsevtika, to‘qimachilik, rangli metall, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, elektr jihozlarini o‘zaro yetkazib berish miqdorini oshirish, savdo uylari ochish, “Made in Uzbekistan” va “Made in Spain” qo‘shma biznes-forumlari va ko‘rgazmalarini o‘tkazish orqali foydalanilmayotgan resurslar, imkoniyatlarni safarbar etishga kelishib olindi.
Forum yakunida O‘zbekistonning turli hududlarida suv xo‘jaligi va suv tozalash inshootlari qurish, ipakchilik va qorako‘lchilikni rivojlantirishga yangi yondashuv va texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qator kelishuvlar imzolandi. Biznes-forum dasturidan o‘rin olgan B2B muzokaralarida tadbirkorlar va investorlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish, manfaatlar kesishadigan nuqtalarni aniqlash hamda oziq-ovqat, yashil energiya va qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘nalishlarida yangi istiqbolli loyihalarni muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldi.
– Mazkur forum O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqani rivojlantirish, mamlakatlarimiz o‘rtasida biznes-hamkorlikni keng yo‘lga qo‘yishga zamin yaratadi, – dedi Ispaniya sanoat, savdo va turizm vaziri o‘rinbosari Shiana Mendes. – Bugun qirqdan ziyod Ispaniya kompaniyalari o‘z taqdimotlarini namoyish etishdi, o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan muzokara olib borishdi. Bu istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi. Biz mamlakatingiz bilan turli sohalarda sheriklik qilishni istaymiz.
Kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston Respublikasi va Ispaniya Qirolligi o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ikki davlatning tegishli vazirlik, idoralari rahbarlari ishtirok etgan tadbir yakunida tovar ayirboshlashni kengaytirish, savdo to‘siqlarini bartaraf etish, o‘zaro ko‘rgazma va yarmarkalar tashkil qilish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulot ishlab chiqaradigan qo‘shma korxonalar ochish doirasida amalga oshiriladigan choralarni qamrab olgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqishga kelishildi.
Go‘zal Sattorova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA