Huquqiy munosabat

Davlat oliy ta’lim muassasalariga talabalikka tavsiya etilmagan ko‘plab yoshlar xorijiy davlatlarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish maqsadida hujjat topshirib yurganliklarini ko‘rishimiz mumkin. Ularning aksariyati kelgusida o‘qishini O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirishni maqsad qilgan. Bu aslida yoshlarimiz uchun o‘qishga qabul qilinishning osonroq usuli sifatida ko‘rinmoqda.

Aslida o‘qishni ko‘chirish bilan bog‘liq jarayonlar qanday amalga oshiriladi? Bunda nimalarga e’tiborli bo‘lish kerak? Toshkent davlat yuridik universiteti Qabul jarayonini tashkil etish bo‘limi bosh mutaxassisi Qamariddin Musayev ana shu savollarga javob berdi.

– Prezidentimizning 2022 yil 15 iyundagi «Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga asosan talabalar o‘qishini davlat oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish uchun xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishda talabadan alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar, boshqa ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlaridan o‘tadi, – deydi Q.Musayev. – Bunda, kasbiy (ijodiy) imtihonlar tegishli oliy ta’lim muassasasi tomonidan, test sinovlari Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladi. Test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlar bo‘yicha o‘tish ballari har yili 15 iyulga qadar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan belgilanadi. Bu haqda Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

O‘tish balidan past ball to‘plagan talabalar bakalavriatga qabul qilishdagi tartibga muvofiq tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi. Xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishga ruxsat etilmaydi.  Xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishni ko‘chirish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Qaror bilan 2022/2023 o‘quv yili uchun O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha Davlat test markazining elektron platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tgan talabalarga tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi uchun belgilangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida minimal miqdoriga teng bo‘lgan bir martalik to‘lov asosida o‘qishini ko‘chirishi mumkinligi belgilangan.

2022/2023 o‘quv yilida respublika oliy ta’lim muassasalariga xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishni ko‘chirish uchun o‘tkazilgan imtihonlar bo‘yicha o‘tish ballari tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan belgilandi.

Xorijdan o‘qishni ko‘chirish xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lgan oliy ta’lim muassasalaridan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Davlat komissiyasi qarori bilan amalga oshiriladi. Xorijiy oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalar o‘qishini O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirilishiga ruxsat etilmasligi belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining tegishli nizomiga ko‘ra, o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalarni taqdim etish har yili 15 iyuldan 5 avgustga qadar amalga oshirilishi kerak.

Davlat oliy ta’lim muassasasining biridan boshqasiga talabalar o‘qishini ko‘chirishga faqatgina quyidagi holatlarda ruxsat beriladi. Jumladan, talaba oila qurishi munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda, davlat organlarining xodimlari ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda, tegishli vazirlik (idora) rahbarining tavsiyasi asosida.

Shuningdek, sport musobaqalari g‘olibi sifatida imtiyoz bilan oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan hamda kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalarning o‘qishini ularning arizalariga muvofiq, sirtqi ta’lim shaklidagi mos va turdosh ta’lim yo‘nalishiga (sirtqi ta’lim shakli mavjud bo‘lgan taqdirda) davlat granti asosida ko‘chirishga ruxsat beriladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha qonunchilikda keltirilmagan boshqa holatlar tegishli Davlat komissiyasi qarori asosida amalga oshirilishi belgilangan.

 O‘zA muxbiri Gulnoza Boboyeva yozib oldi.