Turkiya hukumati Filippinning ikkinchi qutqaruvchilar jamoasini jo‘natish taklifini rad etdi, chunki zilziladan keyin tirik qolganlarni topish ehtimoli qariyb qolmagan, deb bayonot berdi Filippin fuqaro mudofaasi boshqarmasi vakili Bernardo Rafaelito Alexandro
“Biz Turkiya hukumatidan qutqaruvchilarimizning ikkinchi jamoasini qabul qilmasligi haqida ma’lumot oldik”, – deya keltirilgan Alexandroning so‘zlari mahalliy Inquirer gazeta bergan xabarda.
Turkiyaning qutqaruvchilarni qabul qilmasligiga zilziladan keyingi muhim bo‘lgan 72 soat o‘tib bo‘lgani, aynan ushbu davr qutqaruv amaliyotini olib borish uchun zarur bo‘lgan vaqt hisoblanishi aytiladi xabarda.
“Bizga ma’lum qilishdiki, qutqaruv vaqti o‘tib bo‘ldi, tirik qolganlar qariyb qolmagan”, – deya izoh bergan fuqaro mudofaasi boshqarmasi vakili.
Gazetaning yozishicha, Turkiyada 82 nafar filippinlik ko‘ngilli qutqaruvchilar to‘rt kundan buyon qidiruv-qutqaruv amaliyotini olib bormoqda. 6 fevralda Turkiyaning Qahramonmarash viloyatida birin-ketin ikki marta 7,7 va 7,6 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, halokat sababli Turkiyada qurbon bo‘lganlar soni 31 ming 643 kishiga yetgan. Zilzila Turkiyaning 10 ta viloyati hamda Suriya hududiga katta talafot yetkazdi.