O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, joriy yil 1 oktyabrga qadar tajriba tariqasida QQS to‘lash bo‘yicha soliq uzilishi aniqlanganda soliq nazorati tadbirlari amalga oshirilishi mumkin.

QQS tovar (xizmat)lar realizatsiyasining har bir bosqichida soliq byudjetga to‘lanishi zarur. Shuni amalga oshirish maqsadida intizomsiz soliq to‘lovchilar tomonidan QQSni noqonuniy qoplashning oldini olish bo‘yicha tajriba o‘tkaziladi.

Bu Yevropa va MDH davlatlarida keng qo‘llaniladigan butunjahon amaliyotdir. Ushbu mamlakatlarning soliq ma’murchiligida tovar (xizmat)larni yetkazib berish zanjirida QQS uzilishlari aniqlanganida, soliqni asossiz qoplashda nafga ega bo‘layotgan benefitsiarlarni aniqlash uchun bunday yetkazib berish jarayonlarida ishtirok etgan barcha shaxslarga nisbatan qat’iy soliq nazorati tadbirlari o‘tkaziladi.

E’tiborlisi, tajriba doirasida o‘tkaziladigan soliq nazorati choralari ommaviy xarakterga ega bo‘lmaydi. Biroq, soxta tadbirkor soliq to‘lovchilar tomonidan QQSni byudjetga to‘lamaslik shart-sharoitlarining yaratilishi tovar (xizmat)larni yetkazib berish zanjirining barcha ishtirokchilarini, hatto ular bilan bog‘liq bo‘lmagan insofli tadbirkorlarni soliq huquqbuzarligi sodir etilishi mumkin bo‘lgan xavf guruhiga kirib qolishiga olib kelmoqda.

Shu bois, soliq organlarining vazifasi haqiqiy benefitsiarlar hamda ularga aloqador shaxslarni va noqonuniy qoplangan soliqlarni aniqlashdan iborat.

Tajriba keng jamoatchilik va ekspertlar hamjamiyatini jalb qilgan holda o‘tkaziladi va uning natijalari, jumladan, dastlabkilari OAVda yoritiladi.

 

O‘zA