Qozog‘istonning Ostona shahrida yengil atletika bo‘yicha yopiq inshootlardagi 10-qit’a chempionatida mamlakatimiz sportchilari munosib natijalarga erishdi.
Chempionatning so‘nggi kunida ishtirokchilar 13 ta yo‘nalishdagi bahslarda qatnashdi. O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari beshta yo‘nalishda medallar uchun kurash olib bordi. Ko‘pkurashda Zahiriddin Qodirov, balandlikka sakrashda Barnoxon Sayfullayeva, uzunlikka sakrashda Anvar Anvarov, ushbu yo‘nalishning qizlar o‘rtasidagi final bahsida Darya Reznichenko hamda 400 metrga jamoaviy yugurish musobaqasida Laylo Allaberganova, Farida Soliyeva, Kamila Mirsaliyeva, Malika Rajabova o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishdi.
4×400 metrga yugurish estafetasida startga chiqqan qizlarimiz ikkinchi bo‘lib marra chizig‘ini kesib o‘tishdi. Ular erishgan 3:46:45 daqiqalik ko‘rsatkich yangi milliy rekord sifatida qayd etildi. Uzunlikka sakrash yo‘nalishida “Tokio-2020” Olimpiadasi ishtirokchisi Darya Reznichenko 6.37 metr natija bilan bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Aytish lozim, chempionatning ilk kunida hamyurtlarimizdan Yekaterina Voronina barcha raqibalarini ortda qoldirgan holda besh kurash dasturida oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, umidli sportchimiz Sharifa Davronova uch xatlab sakrash dasturida terma jamoamizga ikkinchi oltin medalni tortiq etdi.
Sharifa 16 yosh bo‘lishiga qaramay, kattalar o‘rtasidagi qit’a chempionatida 13.98 metr natija ko‘rsatib, nafaqat Osiyo, balki jahon yengil atletikasida nom qozongan sportchilarni dog‘da qoldirdi va shohsupaning eng yuqorisidan joy oldi.
E’tiborlisi, Sharifa ishtirok etgan dasturda bir qator qit’a chempionatlari rekordchilari, Tokio olimpiadasi ishtirokchilari bahs yuritdi. Masalan, Sharifadan keyin 2-o‘rinni egallagan yaponiyalik Mariko Marimoto Osiyoda o‘z o‘rniga ega yengil atletikachi sanalsa, 3-o‘rin sohibasi bo‘lgan xitoylik Chen Tin “Tokio-2020” olimpiadasi ishtirokchisi hisoblanadi.
30 dan oshiq mamlakatdan 500 nafarga yaqin yengil atletikachilar ishtirok etgan chempionatni O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 2 ta oltin, 1 tadan kumush va bronza medallari bilan yakunladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA