O‘zbekiston va Tojikiston kriket sport turi vakillari hamkorlik memorandumini imzoladi. Bu haqda O‘zbekiston kriket federatsiyasi xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, Markaziy Osiyoda kriket sportini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston kriket federatsiyasi taklifiga binoan Tojikiston kriket federatsiyasi raisi Najibullohi Ro‘zi yurtimizga keldi.

Qo‘shni davlat kritek federatsiyasi vakillari poytaxtimizda joylashgan Kriket akademiyasi va boshqa sport majmualari bilan tanishdi. Mamlakatimizda mahoratli sportchilarni tayyorlash, saralash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida e’tirof etdi.

Muloqotlar davomida O‘zbekiston  kriket federatsiyasi raisi Aziz Mixliyev hamda Tojikiston kriket federatsiyasi raisi Najibillohi Ro‘zi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Imzolangan hujjatga ko‘ra, Xalqaro kriket kengashi (ICC) tomonidan ta’sis etilgan uch bosqichli xalqaro musobaqalarni hamkorlikda o‘tkazish istiqbollari yaratiladi.

Kelishuvga muvofiq, joriy yilning may oyida kriket bo‘yicha Tojikiston erkaklar va ayollar terma jamoalari Toshkentda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkazadi.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatimizda kriket sport turi bilan 300 nafar atrofidagi yoshlar shug‘ullanadi. Ushbu sport turi joriy yil Xitoyda o‘tadigan “Xanchjou-2022” yozgi Osiyo o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan.

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA