Yoshlar siyosati va sport vazirligida triatlon, kamondan otish va futbol sport turlari bo‘yicha “Xanchjou-2022” Osiyo hamda “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, shu paytgacha o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi mazkur sport turlarida ishtirok etmagan.
Taqdimotda Triatlon federatsiyasi bosh kotibi Yelena Kun, Kamondan otish federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Imamov va O‘FA bosh kotibi Avaz Maxsumov davlatimizning qo‘llab-quvvatlashi, tayyorgarlikning maxsus rejasi, tizimli ishlarning amalga oshirilishi tufayli ushbu sport turlarida “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalar olish imkoniyati ortgani xususida to‘xtalib o‘tdi. O‘tgan yilgi natijalar hamda 2023 yilda kutilayotgan sport tadbirlari borasida fikr yuritdi.
Triatlon va kamondan otish sport turlarida atletlarimiz alohida yo‘llanmalar uchun kurash olib borishlari bildirildi.
Jamoaviy sport turlari orasida aynan futbolda Olimpiada yo‘llanmasiga ega bo‘lish yillar davomida nafaqat futbol mutaxassislarining, balki millionlar o‘yini ixlosmandlari uchun ushalmas orzu bo‘lib kelmoqda.
O‘FA bosh kotibi Avaz Maxsumov Milliy olimpiya qo‘mitasi qoshida “Olimpik” klubining tashkil etilgani O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasining shakllanishida katta ahamiyatga ega bo‘lgani, ushbu loyiha o‘tgan yilgi Osiyo kubogida o‘z samarasini ko‘rsatgani haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, u “Xanchjou-2022” Osiyo o‘yinlarida mamlakatimizning ayollar va erkaklar terma jamoasi ishtirok etishi, har ikki yo‘nalishda ham Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmalari uchun kurash olib borish imkoniyatlari mavjudligini urg‘uladi. Ushbu maqsad yo‘lida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda maqsadli vazifalar bajarilayotgani, futbol jamoalariga zarur shart-sharoitlar yaratilayotgani aniq raqamlar holatida ko‘rsatib o‘tdi.
Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Shaxrullo Mahmudov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi maslahatchisi Alisher Karimov, mutaxassislar qatnashgan taqdimot davomida turli fikr-mulohazalar bildirildi. Takliflar ilgari surildi.
Mazkur sport turlarida sportchilarimizning “Parij-2024” Olimpiadasidagi qatnashuvi ta’minlansa, to‘rt yillik o‘yinlarda O‘zbekiston sporti uchun yangi sahifa ochilishiga erishiladi. Albatta, bu orzu. Orzular esa mashaqqatli mehnat va izlanish natijasida amalga oshadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA