O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasida aholining hayot darajasini yanada yuksaltirish, ta’lim sifatini ilg‘or jahon standartlariga muvofiqlashtirish, barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish, kambag‘allikni qisqartirish vazifalari belgilangan.

Loyihada xalqimizga yanada qulayliklar yaratish va xarajatlarini tejash maqsadida, 2023 yil 1 iyuldan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlarida “Aholi va tadbirkorlarga servis sifatini oshirish” chora-tadbirlari haqida so‘z boradi.

Unda vazirlar o‘z tizimida masofadan turib, mobil ilovalar orqali ko‘rsatiladigan xizmatlarni ko‘paytirish, undiriladigan to‘lovlar miqdorini kamaytirish, talab qilinadigan ortiqcha hujjatlarni bekor qilish, ko‘rib chiqish jarayonlari va muddatlarini keskin qisqartirish, shaffoflikni oshirish, aholi va tadbirkorlar bilan doimiy muloqot maydonchalarini tashkil etish, xodimlarning muomala madaniyatini yuksaltirish, tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatishga o‘qitish bo‘yicha tadbirlar dasturini tasdiqlashi belgilandi.

Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan an’anaviy tarzda ko‘rsatiladigan qo‘shimcha 200 ta davlat xizmatlari davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladi.

Natijada, elektron shaklda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni 73 foizga yetkaziladi. Hozirda esa, mavjud 770 dan ortiq davlat xizmatlaridan 262 tasi davlat xizmatlari markazi, 370 tasi (50 foiz) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ko‘rsatiladi.


O‘zA