BMT Bosh Assambleyasida Turkiya va Suriyadagi zilzilalarda halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat bajo keltirildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi raisi Chaba Kereshi 6-fevral kuni yig‘ilishni Turkiya va Suriya xalqlari va hukumatlariga hamdardlik so‘zlari bilan boshladi.

U Bosh Assambleyaning barcha delegatlarini dahshatli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar xotirasiga bir daqiqalik sukut saqlashga taklif qildi.

Turkiya rasmiylariga ko‘ra, zilzila qurbonlari soni 2 ming 921 kishiga yetgan. 15 ming 834 kishi jarohatlangan.

Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an Turkiyada tabiiy ofat qurbonlari munosabati bilan yetti kunlik milliy motam e’lon qildi.

AFAD ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiyaning janubi-sharqida bir sutkada magnitudasi yettidan ortiq bo‘lgan ikkita zilzila sodir bo‘lgan (mahalliy vaqt bilan 04.17 da – 7,7 ball va 13.24 da – 7,6 ball).

Turkiya hukumati aholini yer silkinishidan qo‘rqib, uylariga qaytmaslikka chaqirdi.

 

O‘zA