Sudyalar oliy kengashi tashabbusi bilan nashr etilgan “Munosib yashamoq baxti” nomli kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Kitob I-darajali Davlat adliya maslahatchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist, taniqli davlat va jamoat arbobi Alisher Mardiyevning mazmunli hayoti va serqirra faoliyati to‘g‘risida hikoya qiladi.

Unda mashhur huquqshunosning mamlakatimiz yurisprudensiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan munosib hissasi noyob arxiv ma¬teriallari va  dalillar asosida ochib berilgan.

Davlatimiz rahbari juda ko‘p bora ta’kidlaganidek, yangi O‘zbekistonda amalga oshiralayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – INSON QADRINI ULUG‘LASH, UNI E’ZOZLASHdir.

Shu nuqtai nazardan Sudyalar oliy kengashining mamlakatimiz huquqiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan, hayoti va faoliyati, turmush tarzi boshqalar uchun ibrat maktabi bo‘lgan,  huquqshunoslik sohasi darg‘alari, ulug‘ ustozlar haqida hikoya qiluvchi kitoblar nashr etib kelayotgani alohida ta’kidga loyiq.

Bundan ko‘zlangan ezgu maqsad, ma’rifat va ma’naviyat elchilari bo‘lmish kitoblar orqali bo‘lajak huquqshunoslarni tarbiyalash,  sudyalar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini kasbiga sadoqatli insonlar bo‘lib shakllanishiga hissa qo‘shishdir. Chunki, o‘z sohasi yetuklari hayoti va faoliyati bilan yaqindan tanishish, ularning tajribalaridan boxabar bo‘lish sohada faoliyat yuritayotganlar uchun katta maktab bo‘lishi, tabiiy. Shubhasiz, eng yaxshi murabbiy kitobdir.

Tadbirda mamlakatimiz huquqshunoslik sohasining rivojiga katta hissa qo‘shgan taniqli huquqshunoslar,  sud tizimi faxriylari,  davlat va jamoat arboblari ishtirok etib, kitob qahramoninig ibratli hayoti va kitobning ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatini alohida ta’kidladi.

 

O‘zA