Bugun, 7 fevral kuni erta tongda Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tkazilgan “Fujairah Open” xalqaro turnirining asosiy bahslarida to‘qqiz marta O‘zbekiston bayrog‘ini yuksaltirib, olti marta vatanimiz madhiyasini yangratgan taekvondochilarimiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

Taekvondo WT terma jamoasi a’zolari “Fujairah Open” xalqaro turnirining kattalar o‘rtasidagi musobaqalarida 6 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, tarixiy natijaga erishdi. Boisi, shu paytgacha taekvondochilarimiz hech bir xalqaro turnirda 6 ta oltin medalga sazovor bo‘lmagan edi.

– Bunday yuksak natijaga, eng avvalo davlatimiz tomonidan biz sportchilarga yaratib berilgan shart-sharoit va e’tibor tufayli erishdik. Xalqaro turnirda kattalar o‘rtasidagi bahslarning 16 ta finaldan yarmida sportchilarimiz g‘oliblik uchun dayanga chiqqanligi o‘ziga xos natija bo‘lishi bilan “Parij-2024” Olimpiadasiga tayyorgarlikning muhim bosqichi bo‘ldi. Bundan tashqari, asosiy terma jamoa qatori yosh taekvondochilarimiz ham “Fujairah Open” turnirining quyi bosqich bahslarida ishtirok etayotganligi munosib o‘rindoshlar kamol topayotganini ko‘rsatdi, – deydi oltin medal sohibi, Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Ulug‘bek Rashitov.

Kutib olish marosimida O‘zbekiston Taekvondo WT assotsiatsiyasi mutaxassislari, sportchilarimizning yaqinlari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.

Yana bir e’tiborli jihat, “Fujairah Open” turnirining yoshlar, o‘smirlar o‘rtasidagi “G-2” xalqaro reyting turniri shu kunlarda davom etmoqda.

Asosiy terma jamoamiz qayd etgan g‘alabali odimni davom ettirishga chog‘langan 20 nafardan ziyod o‘smir taekvondochilarimiz ayni kunlarda qizg‘in bahslarda ishtirok etmoqda.

Bashlar 9 fevralga qadar davom etadi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA