Keyingi yillarda Andijon viloyatida ijtimoiy soha ob’ektlarining isitish tizimini davlat-xususiy sherikchilik asosida samarali tashkil etish bo‘yicha e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Ana shu yo‘nalishdagi ishlar bilan tanishish maqsadida Qoraqolpog‘iston Respublikasi moliya vaziri, viloyatlar moliya boshqarmalari boshliqlari hamda soliq boshqarmalari boshliqlarining birinchi o‘rinbosarlari Andijonda bo‘ldi.

Mehmonlar viloyatdagi qator ishlab chiqarish korxonalari va ijtimoiy soha ob’ektlari faoliyati, muassasalarda isitish tizimini tashkil etish borasidagi ishlar bilan tanishdi.

Xususan, Bo‘ston tumanidagi ijtimoiy soha ob’ektlarining isitish tizimini davlat-xususiy sherikchilik asosida tashkil etish, ob’ektlarning Turkiya texnologiyasi asosida “Kozlusan” isitish tizimi bilan ta’minlanganligi, mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar, ilg‘or tajribalar bilan yaqindan tanishdi.

– Tumanimizda ijtimoiy soha ob’ektlari isitish tizimini davlat-xususiy sherikchilik asosida yo‘lga qo‘yish ijobiy samara bermoqda,  – deydi tuman hokimi Sanobarxon Nosirova. – Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan belgilangan ishlar samaradorligi yuqori, tejamkor xorijiy isitish tizimi texnologiyalardan foydalangan holda, qolaversa, yangi ish o‘rinlari tashkil etilayotganligi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shuningdek, mehmonlar Yangi Andijon shahrida barpo etilgan zamonaviy ko‘p qavatli uylar hamda Andijon tumanidagi 55-umumta’lim maktabida o‘quvchi-yoshlarni “Hayot maktabi”ga tayyorlash, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha “Andijon tajribasi” doirasida olib borilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi.

F. UBAYDULLAEV,

Z. UMRZOQOV (foto), O‘zA