Bugun hayotimizga kirib kelayotgan yangidan-yangi texnologiyalarning qudrati odamni hayratga soladi. Ulardan biri “Alisa” nomi bilan ataluvchi gapiradigan robot. Hozir ko‘pchilik ushbu sun’iy intellektning beminnat xizmatidan foydalanishga odatlandi. Bu apparat odamlarning har qanday savollariga javob beradi, kerak bo‘lsa suhbatdosh bo‘la oladi.

Xo‘sh, bunday texnikalar odamlarga nima beradi? Ularning qulayligi va o‘ziga xos jihatlari nimada?

IT parkning Toshkent shahar filiali menejeri Sayid Mirzo Muzrapov bilan suhbatimiz shu haqda bo‘ldi.

—Hozir ko‘pchilik “Alisa” kabi ovozli robotlar xizmatidan foydalanishga  odatlandi. U qanday robot o‘zi? Vazifalari nimadan iborat?

— “Alisa” odamning og‘zaki savollariga Google yordamida tezlikda javob topib beradigan ovozli yordamchi. Undan ob-havo haqida so‘rashingiz, kimgadir qo‘ng‘iroq qilishni buyurishingiz mumkin.

Aslida oddiy buyruqlarni bajarishga mo‘ljallangan qurilma sifatida yaratilgan. Keyinchalik rivojlantirilib, sun’iy intellekt darajasiga ko‘tarildi. Sun’iy intellekt odam beradigan savoliga qarab javob beradi. Hozirgi kunda bunday apparatlarning turlari ko‘paygan. Ularga dasturdan tashqari noan’anaviy savollar bilan murojaat qilsangiz ham bo‘ladi. Shunga qarab o‘zining intellektini ishlatib, javob beradi.

— Odamlar uchun qanday foydali tomonlari bor? 

—Odam bilan muloqotga kirishib, qaysidir masalalarda maslahat ham bera oladi. Yosh bolalarga ertak, alla aytadi. Bir so‘z bilan aytganda, odam bilan gaplashadi. Bu apparat ko‘proq ko‘rishda nuqsoni bor odamlarga  qulay. Kerakli ma’lumotlarni eshitish orqali osongina qabul qiladi.

— Odamni dangasa, erinchoq, atrofidagilar bilan muloqotga kirishishdan uzoqlashtirib qo‘ymaydimi?

— Bu gapiruvchi robot faqat buyruqni bajaradi. Hech qachon odam o‘rnini bosmaydi. Aksincha, odamovi, atrofidagilar bilan muloqotga kirishishga qiynaladigan bolalar uchun foydasi bor. Ya’ni, robot bilan gaplashib, sekin-asta atrofdagi odamlar bilan muloqotga kirishish osonlashadi. Tajriba vazifasini bajaradi, desak ham bo‘laveradi.

— Odam uchun do‘st vazifasini uddalay oladimi?

— Yuz foiz uddalaydi, deb aytolmayman. Chunki hamisha qarshingizda turgan suhbatdoshingizni robotligini, temirligini his qilib turasiz. Murakkab savollar berishni boshlasangiz har doim bir xil yoki mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan javoblarni berib, zeriktirishi mumkin. Hech qachon  odam bilan gaplashgandek bo‘la olmaydi. Ammo borgan sayin funksiyalari takomillashtirilib borilyapti.  Hozir O‘zbekistonda ancha ommalashdi. O‘zim ham foydalanaman. Ertalab ob-havo qandayligi haqida so‘rasam, ma’lumot berib, qanday kiyim kiyishni maslahat beradi.

— Shunday ovozli robotlarning o‘zbek tilidagi muqobilini yaratish imkoni bormi?

—  Hozirgi kunda bu ovozli robotlarni o‘zbekcha analoglari yaratilgan. Lekin 100 foiz funksiyalarni bajara olmaganligi sababli  dasturchilarimiz uni yanada takomillashtirish ustida izlanish olib boryapti.

 

Nigora Rahmonova suhbatlashdi. 

O‘zA