Samarqand davlat tibbiyot universitetida Koreyadagi Seul Milliy universiteti professori O Bomjo boshchiligidagi mutaxassislar ishtirokida qarishga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Universitet endokrinologiya kafedrasi professor-o‘qituvchilari, klinik ordinatorlar, magistr va talabalar, shahar va tuman endokrinologlari qatnashgan tadbirda bugungi kunda dunyo miqyosida kasalliklarni davolash va oldini olish ishlarining yaxshilanishi, tibbiyot rivojlanishi natijasida insonlarning o‘rtacha umr ko‘rish yoshi ortib borayotgani ta’kidlandi. Xususan, O‘zbekistonda ayni paytda o‘rtacha umr  ayollarda 76, erkaklarda 74 yoshni tashkil etmoqda. Hozirda jahon tibbiyotida yana bir yo‘nalish – qarilikka qarshi kurash, insonlarni biologik yoshartirish yo‘nalishini yuzaga keltirdi.

Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori J.Rizayev, universitet endokrinologiya kafedrasi mudiri, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyat filiali bosh shifokori G.Negmatova mamlakatimiz tibbiyotida amalga oshirilayotgan islohotlar, kasalliklarni aniqlash va bemorlarni davolashda zamonaviy innovatsion usullar keng joriy etilayotgani haqida so‘z yuritdi. Bu borada Samarqand davlat universitetining xorijdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari va tibbiy markazlar bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorligi samara berayotgani ta’kidlandi.

– 60 yoshdan oshgan aksariyat keksalar salomatligidagi muammolar sababli muntazam dori-darmon qabul qiladi yoki surunkali kasalliklar nogironlik holatlariga olib keladi, – deydi Seul Milliy universiteti professori O Bomjo. – Bu dunyo miqyosida kuzatilayotgan holat. Buning oldini olish uchun keksalik yoshida ham sog‘lom turmush tarziga amal qilib yashash, uzoq umr ko‘rish uchun yetti asosiy qoidaga rioya etish zarur. Ya’ni, sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollik, sutkasiga 7-8 soat uxlash, tamaki mahsulotlarini iste’mol qilmaslik, spirtli ichimlik ichmaslik, tana vaznini me’yorida saqlash, har kuni ertalab nonushta qilish lozim.

Seminarda koreyalik va mahalliy mutaxassislar o‘zaro tajriba almashdi.

Tadbirdan so‘ng koreyalik mehmonlar Yo.To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialida davolanayotgan bemorlar va 40 yoshdan oshgan sog‘lom aholi uchun interaktiv mashg‘ulot o‘tkazdi. Mashg‘ulot davomida yuz nafardan ortiq bemorlarga tibbiy ko‘rik natijasiga ko‘ra zarur tavsiyalar berildi.


G‘.Hasanov, O‘zA