Yevroparlamentning Fuqarolik erkinligi bo‘yicha qo‘mitasi Shengen vizasi berish jarayonini raqamlashtirish, viza yorlig‘ini bekor qilishga oid qaror qabul qildi, deyiladi parlament saytida.
2026 yilga kelib hududda xorijliklar ariza berishi mumkin bo‘lgan yagona onlayn-platforma ishga tushishi kutilyapti. Shu tizim orqali viza uchun zarur to‘lovni ham amalga oshirish imkoni yaratiladi.
Ushbu reja Shengen mamlakatlarining umumiy tizimga muvaffaqiyatli ulanishini ko‘zda tutgan besh yillik o‘tish davrini aks ettiradi. Loyihani taklif qilgan Yevrokomissiya vakillari fikricha, raqamli viza Shengen hududini himoya qiladi. Zero, bu tizimni shaxsni tasdiqlovchi hujjatdagi oddiy yorliq kabi qalbakilashtirib bo‘lmaydi.
Loyiha parlament yig‘ilishida muhokamadan o‘tishi lozim.
G.Abdullayeva,
O‘zA