O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatida tinchlik, boshqa mamlakatlar bilan konstruktiv ruhda munosabatlarga kirishish yo‘lini tanlagan mamlakatdir. Ayniqsa, qo‘shni mamlakatlar bilan bo‘lgan munosabatlar qardosh xalqlarning abadiy do‘stligi asosida yildan-yilga rivojlanib bormoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iz Respublikasi o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari ham so‘nggi yillarda tobora kengaydi va mustahkamlanishda davom etmoqda. Turli sohalardagi serqirra hamkorlikning rivojlanishida barqaror ijobiy tendensiya kuzatilmoqda.

Ta’kidlash joiz, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning 2021 yilning mart oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama aloqalarning barcha sohalarda jadal rivojlanishiga katta turtki bo‘lgan edi. Xususan, davlat chegarasiga oid masalalarda, savdo-sotiq, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, logistika va energetika sohalarida qo‘shma infratuzilma loyihalarini ilgari surish borasidagi hamkorlik shular jumlasidandir.

bugungi kunda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha shartnoma-huquqiy bazasi 226 ta ikki tomonlama hujjatlardan iborat. 2021 yilda ikki davlat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi 953,6 mln. AQSH dollariga yetgan bo‘lsa, 2022 yil yakunida bu raqam 1260 million AQSH dollarini tashkil etdi. O‘zbekistonda 310 dan ortiq qirg‘iz biznes xamkorlar kapitali bilan qo‘shma korxonalar faoliyat yuritmoqda, Qirg‘izistonda esa O‘zbekiston sarmoyadorlarning kapitali asosida tashkil qilingan 70 ta korxona faoliyat olib bormoqda.

Qayd etish joiz, Samarqandda 2022 yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan Shanxay xamkorligi tashkiloti sammiti doirasidagi muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li va Qambarota-1 GES qurilishini tez fursatda boshlash muhimligiga alohida e’tibor qaratishgan edi.

Joriy yil 6 yanvar kuni O‘zbekiston-Qirg‘iziston va Qozog‘iston o‘rtasida Qambarota-1 GES qurilishi bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolandi. GES Markaziy Osiyo mamlakatlarini elektroenergiya bilan ta’minlashi hamda mintaqaning suv ta’minotini barqarorlashtirishi kutilmoqda. Loyiha doirasida 5,4 mlrd. kub metrga teng suv ombori va 1860 MVt quvvatli elektrenergiya ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan, joriy yilning 26-27 yanvar kunlari davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonda bo‘ldi. Ushbu muzokaralar kun tartibidan O‘zbekiston-Qirg‘iziston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarining keng doirasi o‘rin olganligiga e’tibor qaratish kerak. Muzokaralar yakunida ikki mamlakat Prezidentlari tomonidan strategik sheriklik darajasiga olib chiquvchi Deklaratsiya imzolandi.

Bishkekda imzolangan “Fuqarolarning o‘zaro borib kelishlari to‘g‘risida bitim Bayonnomasi”ga asosan endilikda O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari ikkala davlatga kirishda ID-kartadan foydalanishi mumkin, ya’ni xorijga chiqish uchun pasporti bilan chegaradan o‘tish shart emas bo‘ladi. Shuningdek, kirish-chiqishda faqat elektron qayd qilinib, pasportlarga hech qanday shtamp qo‘yilmaydigan bo‘ldi. Ayniqsa, bu yangilik So‘x, Shohimardon, Cho‘ng‘ara kabi eksklav hududlarimizdagi fuqarolarimizga ayni muddao bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Transport va logistika sohasida “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish bo‘yicha ishlarni faollashtirish, “Andijon-O‘sh-Irkishtom” avtomobil yo‘lining salohiyatini to‘liq ishga solishga kelishib olindi. Shuningdek, O‘zbekiston rahbarining Qirg‘izistonga tashrifi doirasida Bishkekda ikki davlat ishbilarmonlarining biznes kengashi bo‘lib o‘tdi va unda qator kelishuvlarga erishildi.

Ushbu kelishuvlar ikki qardosh xalqlarning farovonligi va manfaatlari yo‘lida hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish, O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasida intilishlari qat’iy ekanligining yana bir isbotidir.


Nodira JONIBEKOVA,  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

O‘zA