Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar iqtisodiyoti, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 1 fevral kuni Andijon viloyatida bo‘ldi.

Davlat rahbarining tashrifi Bo‘ston tumanidan boshlandi.

Bu yerda yaqinda “Sayyora favvorasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan to‘qimachilik korxonasi ishga tushirilgan edi.

Umumiy qiymati 113 milliard so‘mlik ushbu loyiha doirasida bino barpo etilib, Turkiyadan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatildi. Erkaklar, ayollar va bolalar uchun 50 turdan ortiq, yiliga 1 million 200 ming dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Mingga yaqin mahalliy aholi ish bilan ta’minlandi.

Korxonaning “Elegance SM” brendi ostidagi sifatli, bejirim mahsulotlarining asosiy qismi eksportga yo‘naltirilgan. Yillik eksport hajmi 4 million dollar bo‘lishi mo‘ljallangan.

– Bu korxonaga zamin yaratayotganimizda bugungiday bo‘lib ketishiga ko‘pchilik ishonmagandi. Bo‘ston iqtisodiy jihatdan orqada qolgan tumanlardan edi. Mana shunday korxonalar ochilib, odamlarimiz daromad topayotgani quvonarli. Buni davom ettirib, ish o‘rinlarini ko‘paytirishimiz kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu yerning o‘zida kasb-hunarga qayta tayyorlash o‘quv markazi tashkil etilgan. Unda hududdagi ishsiz fuqarolar hunar o‘rganib, o‘z yo‘lini topmoqda. Jumladan, yaqinda 200 nafar ehtiyojmand xotin-qiz kasbga o‘qitilib, ishga olindi.

Prezident ular bilan suhbatda ayolning bilimli, hunarli bo‘lishi oilaning katta yutug‘i ekanini ta’kidladi. Korxonaga muvaffaqiyat, ayollarga oilaviy farovonlik tiladi.

Tadbirkorga erkinlik berilsa, qo‘llab-quvvatlansa, gurkirab rivojlanadi.  Bunga Shahrixon tumanidagi “Elegant shoes and” korxonasi yaqqol misol. Dastlab ishni kosibchilik shaklida boshlagan tadbirkor oxirgi to‘rt yilda kichik binoda faoliyat yuritar edi. O‘tgan yili tadbirkor o‘z mablag‘i hisobidan 8 million dollarlik yangi korxona tashkil etdi. Kelajakni inobatga olib, majmua 4 qavatli qilib qurilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur korxona faoliyati bilan tanishdi.

Uskunalar Turkiya va Xitoydan olib kelingan. Ishlab chiqarishga turkiyalik dizayner va texnologlar jalb qilingan.

Birinchi bosqichda 60 xil poyabzal va charm mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Hozir bu yerda 500 kishi mehnat qilmoqda. Ikkinchi bosqichda yana shuncha ish o‘rni tashkil etiladi.

Korxonaning asosiy mo‘ljali eksport. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 4 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Tadbirkor Yevropa bozoriga chiqmoqchi ekanini aytdi. Davlatimiz rahbari bu bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatma berdi.

– Charm sanoati ham drayverga aylanyapti, korxonalar ko‘payyapti, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Endi ularga kafolatlangan xomashyoni ta’minlab berish kerak. Ikkinchidan, kasanachilik asosida uyda o‘tirgan ayollarni ham jalb qilish zarur. Umuman, bunday ilg‘or korxonalarning rivojlanishiga ko‘mak berib, klasterga aylantirish mumkin.

Mutasaddilarga ilmiy institutlarga buyurtma berib, import bo‘layotgan xomashyo materiallarini mahalliylashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Davlatimiz rahbari korxonada ishlayotgan xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.

– Bugun Andijonga tadbirkorlikni kengaytirish, barqaror energiya manbalari yaratish, odamlarning daromadini oshirish uchun keldik. Oyliklaringiz qachon oshadi? Chiqarilayotgan mahsulotning bozori chaqqon bo‘lsa. Buning uchun sifat, bilim, malaka kerak. Shu bois xotin-qizlarimizning kasb egallashiga alohida e’tibor qilyapmiz. Ona rozi bo‘lsa, oila ham, jamiyat ham rozi bo‘ladi, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari Murojaatnomasida maktab o‘quvchilarini xorijiy tillar va kasb-hunarga o‘rgatish zaruratini aytgan edi. 20 yanvar kuni bu boradagi vazifalar bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tuman va mahallalarning xususiyatidan kelib chiqib, o‘quvchilar maktabning o‘zida 64 xil ishchi kasblarga o‘rgatilishi rejalashtirildi.

Bu maqsad joylarda hayotga ko‘cha boshladi. Xususan, Andijon tumanidagi 55-umumta’lim maktabi ta’mirlanib, qo‘shimcha sharoitlar yaratildi. Maktabning bo‘sh turgan yerto‘lasi tadbirkorlarga ajratib berilib, yoshlarni kasbga yo‘naltirish yo‘lga qo‘yildi.

Prezidentimiz ushbu xonalarni kirib ko‘rdi.

Maktabning yuqori sinf o‘quvchilari bu yerda tikuvchilik, mebelchilik, qandolatchilik, kosibchilik, savat to‘qish, ko‘rpa-to‘shak tikish kabi yo‘nalishlarni o‘rganmoqda. Shuningdek, maktab hududida avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, payvandlash, tipografiya, kompyuter xizmati va salonlar tashkil etilgan.

Davlatimiz rahbari kasb o‘rganayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi.

– E’tibor bersangiz, kasb egallamay o‘qishni bitirganlar hayotda qiynaladi, ish topolmaydi. Kimning qo‘lida hunari bo‘lib, chet tilini bilsa, yo‘li ochiq. Sizlarda shunday imkoniyat bor. O‘zingizni qiynab, qunt bilan bilim oling, hunar o‘rganing. Qarorlar, sa’y-harakatlar qachon natija beradi? Mutaxassis zo‘r bo‘lsa. Investorlar ham kadrlarning bilim va malakasiga ishonib keladi. Mamlakatimizning eng katta boyligi – yoshlar, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz  Andijon tumanidagi Sadda tagi mahallasida bo‘lib, aholi turmushi bilan yaqindan tanishdi.

Bu mahallada 3 ming 600 nafardan ortiq aholi yashaydi. Oilalar yerdan unumli foydalanishning hadisini olgan. Keyingi yillarda “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida parrandachilik, uzumchilik rivojlanmoqda, issiqxonalar tashkil etilmoqda. Shuningdek, mahalla hududida to‘qimachilik korxonasi, oziq-ovqat do‘konlari va ustaxonalar bor.

O‘tgan yili mahalla binosi yangidan qurilib, ko‘chalar ta’mirlandi, ishkomlar barpo etildi.

Aholi bandligini ta’minlash, yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazish bo‘yicha qilinayotgan ishlar bu mahalla hayotida ham sezilmoqda. Buni mahallada ishsizlik kamligi, o‘tgan yili birorta ham jinoyat bo‘lmaganida ham ko‘rish mumkin.

Davlatimiz rahbari shu yerlik Diyor Mamadaliyev xonadonida mehmon bo‘ldi.

Ma’lumki, Andijon viloyatida aholi zich joylashgan. Uy-joyga talab katta. Jumladan, Mamadaliyevlar uyida ham besh oila yashayotgandi. Shu bois xonadon hovlisida tajriba tariqasida yig‘ma uylar qurildi. Ular kamxarj, issiq-sovuq va yong‘inga chidamli, qurish ham oson.

Prezident mezbonlarni yangi uylar bilan muborakbod etdi. Binoning loyihasi, qurilish materiallariga e’tibor qaratdi.

– Uy insonning eng asosiy ehtiyojlaridan biri. Ham davlat, ham tadbirkorlar tomonidan ko‘plab turar joylar qurilayotgani xalqimiz manfaatini ta’minlayapti. Tanlov imkoniyatini kengaytirish uchun, ehtiyojmandlar uchun bunday arzon uylar ham kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bunday uylarni ko‘paytirish, ular uchun zarur qurilish materiallarini mahalliylashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 17 iyun kuni Andijon tumanidagi adirlikda Yangi Andijon shaharchasi qurilishiga poydevor qo‘ygan edi. bugungi kunda ko‘p qavatli uylar, maktab va bog‘chalar qad ko‘tarmoqda.

1 fevral kuni bu yerda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ommalashtirish va aholi bandligini ta’minlash choralari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

Mamlakat iqtisodiyoti va aholi o‘sishi bilan elektr iste’moli ham kundan-kunga oshmoqda. So‘nggi besh yilda yurtmizda xonadonlar 1 million 200 mingtaga ko‘paydi, korxonalar soni esa 260 mingtaga yetgan. Bular elektr energiyasiga bo‘lgan talabni 35 foizga oshirdi. Xususan, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida elektrga talab 40 foizga ko‘paygan.

– Bunday sharoitda eng to‘g‘ri yechim qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois yig‘ilishda quyosh va shamol stansiyalari loyihalariga e’tibor qaratildi.

Bu yil Pop va Farg‘ona tumanlarida 600 megavattli 2 ta quyosh stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Andijonda 41 ta, Namanganda 32 ta va Farg‘onada 27 ta mikro gidroelektr stansiya qurish imkoniyati bor.

Davlatimiz rahbari yirik korxonalarda ham qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, umuman, ularni elektr bilan o‘zini o‘zi ta’minlashga o‘tkazish kerakligini ta’kidladi.

Ijtimoiy ob’ektlarda quyosh energiyasidan foydalanish uchun alohida kompaniya tashkil etiladi. Unga 200 million dollar mablag‘ beriladi. Kompaniya quyosh panellari va suv isitish qurilmalarini o‘zi o‘rnatadi hamda byudjet korxonasiga “yashil energiya” sotadi. Shuningdek, ijtimoiy ob’ektlardagi 3 mingta eskirgan qozonlarni zamonaviy uskunaga almashtirish zarurligi qayd etildi.

Energiya resurslarini iqtisod qilish choralari ko‘rsatib o‘tildi. Aholining quyosh energiyasidan foydalanishi uchun jozibador tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilish kun tartibidagi ikkinchi masala kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash haqida bo‘ldi.

Ma’lumki, bu borada viloyatlarda zarur sharoitlar yaratilmoqda. Xususan, 31 yanvar kuni imzolangan Prezident qaroriga ko‘ra, oilaviy tadbirkorlik uchun imtiyozli kreditlarga Andijon viloyatiga 1,1 trillion so‘m  ajratiladi.

So‘nggi ikki yilda aholiga dehqonchilik uchun 8 ming gektar hosildor ekin yerlari berilgan, 2023 yilda yana 10 ming gektar yer tarqatiladi. Mahallalarda sanoatni rivojlantirish uchun 36 ta mikromarkaz tashkil etiladi.

Davlatimiz rahbari ishbilarmon va mehnatsevar odamlar yurti bo‘lgan Andijonni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish mumkinligini ta’kidladi.

Darhaqiqat, bu yil viloyatda 800 million dollarlik 235 ta investitsiya loyihasi yakunlanib, 40 ming kishi ish bilan ta’minlanadi. Aholiga ajratiladigan 10 ming gektarda 75 mingta doimiy va 200 mingta mavsumiy ish joyi ochiladi.

Ishsiz odamlarni kasb-hunarga o‘qitish, mahallalarda ijtimoiy va tadbirkorlik infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.

Tuman va shahar hokimlari aholi bandligini oshirish rejalari yuzasidan axborot berdi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi yakunlandi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA muxbirlari