Ma’lumotlarga ko‘ra, mashhurlik borasida kun chiqar yurt firmalari dunyo miqyosida yetakchi ekan. Tadqiqot natijasiga ko‘ra, yaponlarning to‘qson foizi ish faoliyatini bir kompaniya bilan bog‘laydi, butun umr bir joyda ishlaydi. Natijada xodim yillar davomida kasbining ustasiga, yetuk mutaxassisga aylanadi. Bu nafaqat shaxsning yuksalishi, balki korxona mahsuloti sifati oshishiga ham zamin yaratadi.

Xodimning bir korxonada samarali mehnat qilishini ta’minlash, inson uchun qulay muhit yaratish, tashkilotni yuksak marralarga olib chiqish ko‘p jihatdan korxona va tashkilotlardagi boshqaruv tizimiga, rahbar kadrlar salohiyatiga bog‘liq. bugungi globallashuv jarayonida yetuk kadrlarga butun dunyo bo‘ylab talab ortib bormoqda.

Toshkentda bo‘lib o‘tgan Xalqaro Boshqaruv forumida shular haqida so‘z bordi.

Poytaxtimizda ikkinchi bor o‘tkazilgan tadbirda yuzdan ortiq mahalliy va xorijiy kompaniya vakillari va rahbarlari, shuningdek, Tojikiston, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Rossiya biznes hamjamiyati vakillari ishtirok etdi. Forum kun tartibidan xodimlarni boshqarish, korporativ madaniyat va yetakchilikni rivojlantirish masalalari o‘rin oldi.

Anjuman doirasida xodimlarning o‘z mehnati natijasidan qoniqishi bilan bog‘liq jihatlar muhokama qilindi. “Baxtli kompaniyalar: faoliyatning o‘ziga xosligi nimada?” mavzusida tashkil etilgan muhokamada taniqli olimlar, amaliyotchi ekspertlar ma’ruza qilib, hayotiy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

– Rahbar jamoadoshlari uchun o‘z yaqinlari bilan ishlayotgan, ularga g‘amxo‘rlik qilib, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatayotgan kishidir, – deydi Rossiyaning “BIZTRAIN” kompaniyasi bosh direktori Yuliya Parzomenko. – Bizning kompaniya tashkilotlarga boshqaruv guruhlarini jalb qilish bilan shug‘ullanadi.  Boshqaruv sohasida o‘z rejamizni ishlab chiqqanmiz. Rossiya va O‘zbekistondagi boshqaruv akademiyalari bilan hamkorlik qilamiz. bugungi forum o‘zini takomillashtirish, yuksalishni istagan rahbar kadrlarni birlashtirdi. Umuman, ayni yo‘nalishda natija, yutuq va kamchiliklar bilan o‘rtoqlashish, tajriba almashish juda muhim.

Tadbir davomida developerlar, bank, telekommunikatsiya va farmatsevtika sohasi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan xalqaro tanlov g‘oliblari taqdirlandi. Eng yuqori “Ishdagi baxt indeksi” to‘plaganlar delegatlar e’tiboriga o‘z tajribasi va amaliyotini havola etdi.

Qayd etish kerak, 12 mezonga asoslangan baho asosida saralangan tanlov g‘oliblarining inklyuzivlik va gender muvozanat ustuvorligi e’tiborga olinib, tashkilot faoliyatini kompleks tahlil qilish, o‘sish va rivojlanish manzilini aniqlash imkonini beruvchi savolnoma ishlab chiqilgan.

Forum ishtirokchilari uchun professional biznes-murabbiylar va amaliyotchilar tomonidan o‘tkazilgan 14 xil mahorat sabog‘i ham tashkil etildi.

– Tashkilot yoki kompaniyaning tanilishi, yuksalishi, yuqori natijalarga erishishi ko‘p jihatdan rahbarga bog‘liq, – dedi “Ishdagi baxt!” xalqaro tanlovi hay’ati raisi Temur Yodgorov.–  Qachonki, boshqaruvchi ishini yaxshi ko‘rsa, faoliyatidan mamnunlik has etsa va shu jihati bilan jamoadoshlariga o‘rnak bo‘la olsagina, ushbu tashkilot yuksalib, rivojlanadi. bugungi tadbir doirasida yetuk mutaxassislar ishtirokida kechgan munozaralar hamma uchun manfaatli bo‘ldi. Zamonaviy jamiyatda rahbar kadrlar salohiyatini oshirish, ularning, ayniqsa, madaniyat darajasini yuksaltirish dolzarb masala. Shu ma’noda mazkur anjuman xodimlar, fuqarolar bilan ishlash, munosabatga kirishish, ish yuritish ko‘nikmasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Go‘zal Sattorova,

Davron Ernazarov (surat),

O‘zA