FOTOREPORTAJ

Nukus shahrida yoshlarning muammolari, taklif va istaklarini o‘rganish hamda ularni hal etish borasida o‘tgan 2022 yil davomida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Eng avvalo, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan “Nukus shahar tajribasi” yaratildi.

Yoshlar yetakchilari bilan birgalikda hududdagi 64 ta mahallada uyma-uy xatlov ishlari amalga oshirilib, 14-30 yoshdagi 74 ming 683 nafar yoshning ro‘yxati to‘liq shakllantirildi. Ushbu yoshlar orasidan ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan fuqarolar 19 ta ko‘mak turi bo‘yicha “Yoshlar daftari” elektron platformasiga kiritildi.

Shahar hududida joylashgan “Oq jag‘is” mahalla fuqarolar yig‘inida 6 ming 145 nafar aholi yashaydi. Ulardan 1 ming 232 nafari yoshlarni tashkil etadi. Mahalladagi yordamga muhtoj yoshlarga zarur yordam ko‘rsatish doimiy e’tiborda.

– O‘tgan 2022 yilda hududimizdagi 28 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshga bir martalik yordam puli, 40 nafar o‘quvchini maktab formasi va o‘quv qurollari bilan ta’minlashga, 60 nafar talabaning shartnoma to‘lovini to‘lash, 59 nafar ishsiz yoshning bandligini ta’minlash uchun mehnat qurollari ajratish, 33 nafar yoshning safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmati badalini to‘liq qoplash, 4 nafar yoshni haydovchilik kursida o‘qitishga subsidiya mablag‘lari ajratildi, – deydi mahallaning yoshlar yetakchisi Bekpo‘lat Xo‘janiyozov. – Shu bilan birga, 2 nafar yoshga tibbiyot muassasalarida davolanishi uchun moddiy yordam ko‘rsatildi va 8 nafar yoshning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun bank tomonidan 33 milliongacha bo‘lgan imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi.

Shuningdek, mahallada yoshlarni bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sport mashg‘ulotlariga jalb etish maqsadida ikkita mini futbol va uchta stritvorkaut maydonchalari tashkil etilgan.

 

Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA