Vengriya Transparency International xalqaro nodavlat tashkilotining mazkur mamlakatni Yevropa ittifoqidagi eng korrupsiyalashgan mamlakat deb, e’lon qilishini inkor etdi. Vengriya hukumat xabarlarini tarqatuvchi markazning seshanba kuni ma’lum qilishicha, ushbu ma’ruza yolg‘on va u amerikalik milliarder Jorj Soros buyurtmasi bilan tayyorlangan.
“Shunisi ajablanarliki, Transparency International Bryussel byurokratiyasini yoki Yevroparlamentdagi korrupsiya bilan bog‘liq janjallarni tadqiq qilmagan, ular hatto ro‘yxatga ham kiritilmagan”, – deb bayonot berdi Hukumat xabarlari markazi Telex internet nashrining so‘roviga javob berar ekan. Shuningdek, Vengriya hukumatining ta’kidlashicha, “Transparency International noqonuniy dollar aylanmalari va Bryusseldagi korrupsiya mojarosiga chuqur aralashib ketgan Soros tarmog‘i tarkibiga kiradi. Mazkur tarmoq mamlakatdagi va xalqaro so‘l kuchlarining harakatlarini moliyalashtirib boradi hamda ularni o‘zining yolg‘on ma’ruzalari bilan ta’minlaydi”.
Dollarli so‘llar deganda Vengriya hukumati muxolifatdagi partiyalarni nazarda tutmoqda. Ular o‘zlarining saylovoldi kampaniyalarida Amerikaning Action for Democracy jamg‘armasida katta mablag‘ olishgan. Vengriya ommaviy axborot vositalarining yozishicha, mazkur jamg‘arma bosh vazir Vektor Orbanning ashaddiy dushmani bo‘lgan, kelib chiqishi vengriyalik amerikalik moliyachi Jorj Sorosga aloqasi bor.
Transparency International seshanba kuni dunyoning 180 mamlakatida korrupsiya darajasining ahvoli haqida 2022 yil yakunlarini e’lon qildi. Unda Vengriya 77 o‘ringa joylashtirilgan, ya’ni YeIga a’zo mamlakatlar orasida eng past o‘rin berilgan. Yevroittifoqqa kiruvchi Daniya, Finlandiya, Shvetsiya, Shveysariya, Niderlandiya, Germaniya, Irlandiya, Lyuksemburg eng yaxshi o‘nlikka kiritilgan.