O‘zbekistonning Frankfurt-Mayn (Germaniya)dagi Bosh konsuli Olimjon Abdullayev Myunxen shahrida jadidlarning islohotchilik harakati va konstitutsiyaviy g‘oyalari bo‘yicha taniqli tadqiqotchi, professor Temur Xo‘ja bilan uchrashdi.

Turkiyshunos olim, Turkiston va Markaziy Osiyo tarixi, madaniyatiga oid qator maqola, ma’ruza, monografiya va kitoblar muallifi Temur Xo‘ja jadid harakati va merosi bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib borayotgan yirik olim hisoblanadi. U jadidchilik harakatining atoqli namoyandasi, Buxoro islohotchilik maktablari asoschisi Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayevning avlodi.

Uchrashuv «Yuzuk e.v.» Germaniya-O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkiloti vakillari ko‘magida yoshlarga ta’lim-tarbiya berish, ularni o‘tmishimiz, madaniyatimiz va adabiyotimiz tarixi bilan tanishtirish maqsadida tashkil etildi.

Suhbat chog‘ida Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili munosabati bilan XX asr boshlarida yashab o‘tgan turkistonlik buyuk mutafakkirlar, jumladan, milliy istiqlol kurashchilari merosini avaylab asrash va o‘rganish bo‘icha yurtimizda amalga oshirilayotgan ma’rifiy ishlar haqida so‘zlab berildi.

Mamlakatimiz mustaqilligi, xalq ozodligi, kelajak avlodning ozod va farovon hayotini ta’minlashga ulkan hissa qo‘shgan bir guruh marhum jadid harakati namoyandalari davlatimiz rahbari farmoniga binoan «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangani ta’kidlandi.

Temur Xo‘ja Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ayniqsa, mamlakatimiz ta’lim va yoshlar siyosatini yuqori baholadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning vatanparvar ajdodlarimiz – jadidlarning muborak xotirasi, ozodlik yo‘lidagi fidokorona xizmati, milliy ta’lim va tarbiya tizimini shakllantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi to‘g‘risidagi fikrlaridan chuqur ta’sirlanganini izhor etdi. Bundan tashqari olim Buxoroda otasi Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev xotirasiga bag‘ishlab tashkil qilinadigan jadidlar uy-muzeyiga Turkiston va Markaziy Osiyo tarixiga oid 16 mingdan ziyod asar topshirish niyatida ekanini ma’lum qildi.

Uchrashuv yakunida ko‘p qirrali hamkorlikka tayyorligini bildirib, taniqli ilm-fan namoyandalarining bebaho tajribasi, bilimini avlodlarga yetkazish, yoshlarni buyuk mutafakkirlarimiz merosi bilan muntazam tanishtirib borishga, respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘g‘il-qizlarimizning ijodiy, intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar bilan tanishtirish maqsadida Germaniyada bo‘lib turgan o‘zbekistonlik yigit-qizlar bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazishga kelishib olindi.

 

O‘zA