Samarqand viloyati Qo‘shrabod tuman “Zarmitan” MFYda yashovchi fuqaro S.N. xonadonida uyda qo‘lbola usulda tayyorlangan bodring konservasini iste’mol qilish natijasida ovqatdan zaharlanish (botulizm) holati sodir bo‘lgan.

Mazkur holat bo‘yicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati quyidagilarni ma’lum qiladi.

2023 yilning 6 yanvar kuni soat 15:30 atrofida Qo‘shrabot tuman “Zarmitan” MFY, Zarmitan qishlog‘ida yashovchi 1971 yilda tug‘ilgan fuqaro N.S. xonadonida yashovchi oila a’zolaridan, turmush o‘rtog‘i 1972 yil tug‘ilgan bemor F.S., shuningdek, 3 nafar farzandi 1996 yilda to‘g‘ilgan D.E., 1998 yil tug‘ilgan Sh.E. va 2008 yilda tug‘ilgan B.E. tuman tibbiyot birlashmasining reanimatsiya bo‘limiga ovqatdan zaharlanish-botulizmga gumon tashxisi bilan yotqizilgan.

Qo‘shrabot tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi xodimlari tomonidan bemorlarning otasi N.S.dan so‘rab-surishtirilganda 2023 yil 5 yanvar kuni soat 17:30-18:00 atrofida oila a’zolari  go‘shtli to‘g‘rama sho‘rva bilan uyda qo‘lbola usulda tayyorlagan pomidor-bodring tuzlamasini iste’mol qilganligi aniqlangan.

Bemorlar Qo‘shrabot tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari tomonidan ko‘zdan kechirilganda botulizmga xos klinik belgilar kuzatilgan hamda “ovqatdan zaharlanish botulizm” tashxisi quyilgan. Bemorlarda nafas olishdagi patologik o‘zgarishlar bo‘lganligi sababli sun’iy nafas olish apparatiga ulanib, shifokorlar tomonidan zarur tibbiy muolajalar olib borilgan.

2023 yil 14 yanvar kuni soat 8:30da 1998 yil tug‘ilgan Sh.E. ko‘rsatilgan reanimatsion yordamga qaramasdan o‘tkir yurak va nafas yetishmovchiligi natijasida “Ovqatdan zaharlanish botulizm bulvar sindromi” tashxisi bilan shifoxonada vafot etgan. 26 yanvar kuni soat 21:30da 1996 yilda tug‘ilgan D.E. ko‘rsatilgan reanimatsion yordamga qaramasdan o‘tkir yurak va nafas yetishmovchiligi natijasida “Ovqatdan zaharlanish botulizm bulvar sindromi” asorati tashxisi bilan vafot etgan.

2008 yilda tug‘ilgan B.E.ning ahvoli yaxshilangani uchun 17 yanvar kuni reanimatsiya bo‘limidan yuqumli kasalliklar bo‘limiga o‘tkazilgan. Bemor F.S.ning ahvoli yaxshilanib, botulizimga xos klinik belgilari qolmagan. Shifoxonadagi bemorlarga spetsifik, simptomatik va dezintoksikatsion davo muolajalari davom ettirilmoqda. Shuningdek, tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limida davolanayotgan 1971 yilda tug‘ilgan fuqaro N.S.ning botulizimga xos klinik belgilari qolmagani hamda ahvoli yaxshilangani sababli 23 yanvar kuni qoniqarli ahvolda uyiga javob berilgan.

Ushbu holat bo‘yicha kasallik qayd etilgan xonadondan olingan uy sharoitida tayyorlangan pomidor-bodring tuzlamasi hamda bemorlardan olingan biomateriallar viloyat Samarqand viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining bakteriologiya laboratoriyasida tahlildan o‘tkazilganda uy sharoitida tayyorlangan pomidor-bodring tuzlamasi va bemorlar qusuq massasidan “botulizm” qo‘zg‘atuvchisi aniqlangan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi fuqarolardan uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida botulizm kasalligi sodir bo‘lishi mumkinligidan ogohlantiradi. Shu sababli qo‘lbola usulda tayyorlangan va sifati kafolatlanmagan konserva mahsulotlarini iste’mol qilmaslikni so‘raydi!

 

O‘zA