O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Qozoq adabiyoti kengashining 2022 yil davomidagi faoliyati sarhisobiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, uyushmaning Qozoq adabiyoti kengashi raisi Tursunali Ahmedov va boshqalar mamlakatimizda barcha ziyolilarning o‘z ona tilida emin-erkin faoliyat ko‘rsatishi, ijod qilishi, bu borada ular uchun zarur imkoniyatlar yaratishga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Darhaqiqat, bugungi kunda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida rusiyzabon, tojik, qirg‘iz adabiyoti kengashlari ham samarali ishlab turibdi. Qozoq adabiyoti kengashi esa uyushma tarkibidagi eng katta  kengashlardan biridir.

– O‘tgan yil davomida qardosh xalqning bir qator adiblari ijodiga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi, ularning asarlari kitob holida chop etildi, – dedi uyushma raisi Sirojiddin Sayyid. – Qozog‘istonlik yosh ijodkorlar uyushmamiz tomonidan tashkil etilgan Markaziy Osiyo yosh ijodkorlari forumida faol ishtirok etdi. 100  jildlik “Turkiy adabiyot durdonalari” asarlar majmuasida qozoq yozuvchi va shoirlarining ham asarlari o‘rin olgani e’tiborlidir. Zabardast shoirimiz G‘afur G‘ulom bilan qozoq yozuvchisi Sobit Muqonovning do‘stligini havas bilan eslaymiz. Bunday do‘stlik munosabatlarining kuchayishida biz – ijodkorlar faol mehnat qilishimiz kerak.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, 2022 yil davomida Qozoq adabiyoti kengashi hamkor tashkilotlar bilan birga ko‘plab adabiy tadbirlar, yangi kitoblar taqdimotlari, adabiy uchrashuvlar, atoqli adib va shoirlarning tavallud kuniga bag‘ishlangan madaniy-adabiy, ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazdi. Shuningdek, Qaldibek Seydanovning 80 yillik yubileyi kechasi, Risolat Naliboyevaning 80 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi tashkil etildi.

Mazkur  kengash va uning a’zolari 2022 yilda yurtimiz adabiy hayotida muhim  o‘ringa ega bo‘lgan 10 dan ortiq tadbirlarda qatnashdi. Xususan, 100 jildlik “Turkiy adabiyot durdonalari” asarlar majmuasini to‘plash, nashrga tayyorlash, uning taqdimot marosimi kabi jarayonlarda faol qatnashdi. Shu bilan birga yil davomida adabiy aloqalarning rivojlanishi, millatlararo totuvlikni mustahkamlashga oid yurtimiz va xorijdagi turli ilmiy anjumanlar, adabiy tadbirlar, ijodiy uchrashuv va davra suhbatlarida ishtirok etdi.

O‘tgan yil Qozoq adabiyoti kengashi a’zolari uchun muvaffaqiyatli yil bo‘ldi. TURKSOY tashkiloti tomonidan Kengash a’zolari Qaldibek Seydanov va Ergash Abduvalitov “Muxtor Avezov” medali bilan, Anorgul Qaldibekova “Axmet Baytursunov” medali bilan taqdirlandi. Ergash Abduvalitov davlatimizning yuksak mukofoti – “Mehnat shuhrati” ordeniga sazovor bo‘ldi. Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga shoir va adiblar Naurizbay Jarbosin o‘g‘li, Anar Nalibayeva, Abdulla Rustamov singari ijodkorlar qabul qilindi.

2023 yilda ham shoir va adiblarning yangi kitoblari taqdimotlari, umumiy o‘rta maktablarda adabiy uchrashuvlar, yurtimizning turli hududlarida madaniy-adabiy uchrashuvlar, ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga “Qozoq tilidagi bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida kitobxonlikni targ‘ib qilish”, “Alash shiorli adabiyot” kabi mavzularda davra suhbatlari, ko‘plab o‘zbek va qozoq shoir va yozuvchilari ijodiga bag‘ishlangan ma’rifiy kechalar, adabiy anjumanlar, uchrashuvlar tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Qozoq adabiyoti kengashi faoliyatining kelgusidagi rejalari xususida batafsil so‘z yuritildi.


N.Usmonova, O‘zA muxbiri