Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Milliy gvardiya axborot xizmati rahbari Davronbek Jumanazarov ishtirokida brifing tashkil etildi.

Qayd etilishicha, davlatimiz rahbarining 2021 yil 15 apreldagi “Jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti etib qayta tashkil etildi. Shu munosabat bilan universitetda bir qator bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qitish joriy qilindi.

Mazkur universitetning bakalavriati kunduzgi va sirtqi ta’lim shakllariga hamda magistratura mutaxassisliklarining kunduzgi ta’lim shakliga nomzodlarni saralab olish va o‘qishga qabul qilish uchun qabul komissiyasi joriy yil 1 fevraldan ish boshlaydi va qabul jarayoni joriy yilning 20 mart kuniga qadar (shu kuni ham) davom etadi.

Nomzodlarni saralab olish tadbirlari 31 martga qadar tashkil etiladi. Dastlabki saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlariga qo‘yiladi. Test sinovlari natijalariga ko‘ra yuqori ball to‘plagan nomzodlar universitet qabul komissiyasining qaroriga asosan o‘qishga qabul qilinadi.

O‘qishga kirish istagini bildirgan fuqarolar ta’lim yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda o‘zlarining yashash joyidagi mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlar orqali:

“Maxsus vazifalarni bajarish qo‘shinlarining qo‘mondonlik-taktik faoliyati”;

“Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash”;

“Xavfsizlikni huquqiy ta’minlash”;

“Xalqaro harbiy hamkorlikni huquqiy ta’minlash”;

“Iqtisodiy xavfsizlik”

“Aniqlash va qo‘riqlash tizimlardan foydalanish bo‘yicha qo‘mondonlik-muhandislik faoliyati”;

“Qo‘riqlash bo‘linmalarining qo‘mondonlik-taktik faoliyati” ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirishlari mumkin.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi hududiy bo‘linmalari orqali “Yo‘l-patrul xizmatining qo‘mondonlik-taktik faoliyati”, “Patrul-post xizmatining qo‘mondonlik-taktik faoliyati”, “Pasport tizimini huquqiy ta’minlash” ta’lim yo‘nalishlariga ariza bilan, harbiy xizmatchilar (xodimlar) o‘zlari xizmat o‘tayotgan harbiy qismga (muassasaga) bildirgi bilan murojaat qilishlari kerak bo‘ladi.

“Xalqaro harbiy hamkorlikni huquqiy ta’minlash” ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga kirishni xohlagan nomzodlar chet tilini bilish darajasi haqidagi xalqaro tan olingan dasturlar yoki davlat namunasidagi V2 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatiga ega bo‘lganda universitetga o‘qishga kirish bo‘yicha tanlovda ishtirok etadi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA