Andijon viloyati mamlakatimizdagi hududi jihatidan eng kichik, aholisi esa eng zich yashaydigan viloyat hisoblanadi. Viloyat respublika hududining 1 foizini, aholisi esa qariyb 10 foizini tashkil etadi. Shu bois ham viloyatda yerning har bir qarich maydonidan unumli va oqilona foydalanish talab etiladi.

Prezidentimiz Andijon viloyatiga avvalgi tashrifi chog‘ida ana shu jihatni hisobga olib, qolaversa, ekin maydonlarini kamaytirmaslik maqsadida viloyatning adir zonalarida ko‘p qavatli uylar qurish va shu orqali tobora o‘sib borayotgan aholini arzon, zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidlagan edi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan viloyatda aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida Andijon tumani adirliklarida 440 ming nafarga yaqin aholi yashashi mumkin bo‘lgan “Yangi Andijon” shahrini barpo etishga kirishildi.

Umumiy maydoni 4 ming gektarni tashkil etadigan shaharning 1 ming 144 gektar maydonida turar-joylar qad rostlaydi. Shuningdek, 215 gektar maydonda savdo, 240 gektarda xizmat ko‘rsatish, 76 gektarda sanoat, 1 ming 942 gektar maydonda yashil hududlar tashkil etiladi. Bundan tashqari, 364 gektar maydon yo‘llar va boshqa infrastruktura ob’ektlaridan iborat bo‘ladi. “Yangi Andijon” loyihasi 8 bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda barpo etishi rejalashtirilgan 3 ming 310 xonadonli 70 ta ko‘p qavatli uy-joy, 1 ming 680 o‘rinli maktab, 385 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti, 200 qatnovli poliklinika, trikotaj korxonasi, ipoteka markazi qurildi, 3 mingdan ziyod savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari qurilishi yakuniga yetmoqda. Shuningdek, hududni toza ichimlik suv, elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan ta’minlash ishlari davom etmoqda. Yangi Andijon shahriga olib boruvchi hamda ichki yo‘llar barpo etildi, yashil maydonlar, umuman, hududda keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari bajarildi.


F. UBAYDULLAEV,

Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA