Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida mamlakatimiz hayotiga daxldor muhim qonun loyihalari muhokama qilindi. Xususan, “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi, “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvarag‘idagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi hamda boshqa qonun loyihalari partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqqan holda ko‘rib chiqildi.

“Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilinar ekan, mazkur loyiha yo‘l harakatini tashkil etish jarayonidagi munosabatlarni tartibga solish va xavfsiz yo‘l harakatini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Qonun loyihasi bilan eng avvalo, yo‘l harakati qatnashchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yo‘l harakatini tashkil etish bo‘yicha faoliyatni tizimli yo‘lga qo‘yish belgilanmoqda.

Davlat byudjetidan yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish uchun ajratiladigan mablag‘larning samarali sarflanishini tartibga solish mexanizmlari va yo‘l harakatini tashkil etish sohasidagi maxsus vakolatga ega bo‘lgan hamda bu jarayonda ishtirok etuvchi davlat idoralari alohida qayd etilmoqda.

Bundan tashqari, haydovchilikka nomzodlar va transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarni har 5 yilda bir marotaba tibbiy ko‘rikdan o‘tish tartibi hamda haydovchilik huquqiga ega bo‘lishga to‘sqinlik qiluvchi 7 ta yo‘nalishdagi kasalliklar ro‘yxati tasdiqlanishi nazarda tutilmoqda. Ushbu belgilangan talablarni bajarmaganlik uchun esa ma’muriy jazo qo‘llanilmoqda.

M.Komilova, O‘zA