«MIR 24» axborot-tahliliy internet portali ma’lum qilishicha, Hindistonning Kashmir viloyati hududini 60 santimetr qalinlikdagi qor qoplagan. Yog‘ingarchiliklar oqibatida elektr uzatish tarmoqlarida uzilishlar kuzatilmoqda.
Noqulay ob-havo sharoiti transport harakatini ham izdan chiqargan. Kashmirni boshqa shtatlar bilan bog‘laydigan yagona transport yo‘li berkilib qolgan. Srinagar aeroportida barcha aviaqatnovlar to‘xtatilgan.
«Bu yerda qariyb yarim metr qor yog‘di. Tabiiyki, odamlar qiynalishmoqda, shu bilan birga, ular xursand ham, chunki ko‘pchilik tabiat manzarasini tomosha qilishga kelishmoqda», – deydi mahalliy aholi vakili Orif Ahmad.
Ayni damda Kashmir “chillai kalon” deb ataladigan qattiq qish davrini boshdan kechirmoqda. Ob-havoshunoslar kunlar keyingi haftadan isiy boshlaydi, deyishmoqda.