O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan 21 dekabr kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.
“Toshkent” xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.
Davlat rahbarlari bir-birlarini samimiy qutlab, qisqa suhbat o‘tkazdilar.
O‘zbekiston tashqi siyosatda boshqa mamlakatlar, xususan, qardosh Qozog‘iston Respublikasi bilan o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan munosabatlarni mustahkamlash yo‘lidan bormoqda. So‘nggi yillarda har tomonlama aloqalar yanada mustahkamlandi.
Shu o‘rinda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik dinamikasiga to‘xtalib o‘tish o‘rinli.
Qozog‘iston hududida O‘zbekiston rezidentlari ishtirokida 1 ming 400 dan ziyod korxona tashkil etilgan. Qozog‘istonda sanoat kooperatsiyasining yirik loyihalari amalga oshirilmoqda, xususan, Kostanay, Chimkent va Turkistonda “Ravon” avtomobillarini yig‘ish, maishiy texnika va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekistonda esa Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi 1 ming 100 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Besh yil avval bu ko‘rsatkich deyarli 6 barobar kam edi. Faqatgina joriy yilning 9 oyida 130 ta qo‘shma korxona tashkil etilgan.
Shundan so‘ng Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga bordi. Oliy martabali mehmon Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi.
Ona Vatanimiz, mard va jasur, tinchliksevar va mehnatkash, qahramon xalqimiz sharafiga bunyod etilgan buyuk obida – Mustaqillik monumenti haqida Prezident Qosim-Jomart Toqayevga so‘zlab berildi. O‘z navbatida oliy martabali mehmon “Yangi O‘zbekiston” bog‘i, hududda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlariga yuqori baho berdi.
Shu o‘rinda eng yuqori qismida Humo qushi tasvirlangan majmua haqida qisqacha to‘xtalib o‘tish joiz. Majmua 2021 yil istiqlolimizning o‘ttiz yilligiga bag‘ishlab bunyod etilgan. Unda mamlakatimizning qadim va boy tarixi, bugungi kuni bilan bog‘liq eng muhim voqealar aks etgan. Buyuk alloma va jahongir bobolarimizning siymolari esa qalblarga g‘urur bag‘ishlaydi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida hamkorlik har tomonlama rivojlandi. Har ikki davlat rahbarlari o‘zaro aloqalarni siyosiy, iqtisodiy, investitsiya, fan-texnika, madaniy-gumanitar sohalarda yanada kompleks rivojlantirish, oliy, yuqori va boshqa darajalarda konstruktiv va ishonchga asoslangan muloqotni kengaytirish tarafdori ekanligini ta’kidlash lozim.
Ikki mamlakat o‘rtasida 2017-2019 yillarga mo‘ljallangan Iqtisodiy hamkorlik strategiyasi qabul qilingani iqtisodiyot va tovar aylanmasining o‘sishiga turtki berdi.
Buning natijasida 2017 yildan buyon ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo ikki baravarga, ya’ni 2 milliarddan 4 milliard dollargacha o‘sdi va u izchil oshib bormoqda.
Xususan, 2021 yilda davlatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo hajmi 3,9 milliard dollarni tashkil qilgan. 2022 yil yanvar-noyabrda 4,2 milliard dollarga yetgan.
O‘zbekiston Qozog‘istonga transport vositalari, oziq-ovqat tovarlari, turli xizmatlar, plastmassa va undan yasalgan buyumlar, to‘qimachilik mahsulotlari, qora metallar va boshqalarni eksport qilmoqda.
Qozog‘istondan un mahsulotlari, qora metallar, ulardan yasalgan mahsulotlar, energiya mahsulotlari, ruda va shlak, qurilish materiallari, transport vositalari va boshqalar import qilinmoqda.
2021 yil sentyabr oyida Xiva shahrida “Xiva jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Qozog‘iston madaniyat vaziri o‘rinbosari ishtirok etdi.
2021 yil 6-8 dekabr kunlari Ostona shahrida “O‘zbek kinosi kunlari” tashkil etildi, joriy yil noyabr oyida Qozog‘iston shaharlarida “O‘zbek madaniyati kunlari” bo‘lib o‘tdi.
Shu yilning 19 dekabrida Toshkentdagi O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida atoqli qozoq yozuvchisi, faylasufi, shoiri va bastakori Abay Qo‘nonboyev merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi.
O‘zbek va qozoq xalqlari nafaqat yaqin qo‘shni, balki qardosh sifatida ham ko‘p qirrali hamkorlikning barcha masalalari bo‘yicha azaldan bir-birlarini qo‘llab-quvvatlab kelganini alohida ta’kidlash lozim. Bu aloqalarni yanada mustahkamlash har ikki mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilishi shubhasiz.
Davlat tashrifi bilan mamlakatimizga kelgan Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida “Ko‘ksaroy” qarorgohining Faxriy mehmonlar xiyobonida daraxt ekdi.
Marosim O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatlarida yangi davr boshlanayotgani, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikni qardosh xalqlarimiz farovonligi yo‘lida yanada mustahkamlashga qat’iy intilishning ifodasi bo‘ldi.
Qozog‘iston yetakchisining mamlakatimizga davlat tashrifi asosiy tadbirlari 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida tarixiy ahamiyatga ega bitimlarning imzolanishi kutilmoqda. Birgalikda yirik investitsiya loyihalarini boshlab berish va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbirlari