Prezidentimizning “Neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, neft va gaz sohasidagi ta’lim-ishlab chiqarish klasteri faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilgan. Ayni paytda ushbu yo‘nalishda qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Qaror ijrosini ta’minlash, bo‘lajak kadrlarning bilimlarini ishlab chiqarish jarayonlaridagi texnika va texnologiyalar muhitida yanada mustahkamlash maqsadida ishlab chiqarish korxonalariga oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun sayyor o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
Navbatdagi sayyor darslar Buxoro neftni qayta ishlash zavodida I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti Toshkent filialining Neft, gaz va qayta ishlangan mahsulotlarni tashish va saqlash ob’ektlaridan foydalanish va ularga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishi 4-bosqich talabalari uchun tashkil etildi.
Amaliyot darslari Kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘limi ko‘magida Xom-ashyo va tayyor mahsulotlar sexiga qarashli ob’ektlarda va interfaol jihozlangan o‘quv xonalarida olib borildi.
Ko‘p yillik tajribaga ega ustoz xodimlar bo‘lajak mutaxassislarni zavod estakadasi va sig‘imlar parkining ish faoliyati, mahsulotlarni tashish va saqlash texnologiyalari bilan tanishtirdi.
Ta’kidlash joizki, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi nafaqat talabalar, balki ustoz-pedagoglar uchun ham tajriba almashish va malaka oshirish maskani hisoblanadi. Zavodda talabalar va institut pedagoglari uchun yetarli sharoitlar yaratilgan.
Zarif Komilov, O‘zA