Kuni kecha Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Batorda ommaviy norozilik namoyishlari boshlangan edi. Ayni damda namoyishchilar nazoratga olingan, deb xabar bermoqda Monsame agentligi Mo‘g‘ulistonning buyuk davlat xurali (parlament) ma’lumotiga tayanib.

Bir necha ming kishidan iborat namoyishchilar 1,8 milliard dollarlik ko‘mir o‘g‘irlangani haqida xabar tarqalgandan so‘ng dushanba kuni mamlakat poytaxti Ulan-Batorda hukumat saroyi qarshisida norozilik namoyishini boshlagan. Xabarda ta’kidlanishicha, aksiya uchinchi kundirki, davom etmoqda. Namoyish ishtirokchilarning kayfiyati borgan sari keskin tus olmoqda. Mo‘g‘uliston xurali dushanba kuni Ulan-Batorda favqulodda holat e’lon qilishga qaror qilgan.

Agentlikning xabariga ko‘ra, Ulan-Batordagi norozilik namoyishi uyushmagan bo‘lgan, shu bois ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketish xavfi bor.

Ommaviy axborot vositalarining  yozishicha, Xitoyda Mo‘g‘ulistondagi ko‘mir o‘g‘irlanishiga aloqador mansabdor shaxslar qatl qilingan.

Mamlakat adliya vazirining bayonot berishicha, Mo‘g‘uliston hukumati diplomatik kanallar orqali Xitoy hukumatidan “Ko‘mir ishini” tekshirishga qo‘shilishni so‘ragan. Gap shundaki, Mo‘g‘uliston mamlakat eksportining taxminan 86 foizini Xitoyga jo‘natadi. Eksport mahsulotlarining yarmidan ko‘pini esa  ko‘mir tashkil etadi.

“Xitoy tomoni mazkur ko‘mir o‘g‘irlanishiga aloqador mansabdor shaxslarni qatl qildi. Shuningdek, Xitoy tomoni mazkur “qora ishga” aloqasi bo‘lgan mo‘g‘ulistonlik siyosatchilar nomini ham jo‘natgan”, – deyiladi xabarda. Namoyishchilar esa “korrupsiya botqog‘iga botgan hukumatni fosh qilishni va o‘g‘rilar nomini ma’lum qilishni” talab qilmoqda”.

Ayrim namoyish ishtirokchilari xomashyo narxi oshishiga qarshi norozilik belgisi sifatida Davlat saroyi qarshisidagi Suxe-Bator maydonida o‘ttiz darajalik sovuqda kiyimlarini yechib, yalang‘och bo‘lib olgan, deb xabar tarqatmoqda gogo.mn portali.