Mamlakat sharqida sodir bo‘lgan voqea munosabati bilan Rossiya elchisi Sergey Andreyev Polsha Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirgan. Bu haqda TIV saytida aytiladi.
“2022 yil 15 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari tomonidan Ukrainaning butun hududi va uning muhim infratuzilma ob’ektlarining ko‘p soatlar davomida ommaviy o‘qqa tutilishi kuzatildi. Natijada Polsha Respublikasining ikki fuqarosi halok bo‘ldi”, deyiladi bayonotda.
Ushbu munosabat bilan Rossiya elchisi TIVga chaqirtirilib, undan zudlik bilan batafsil tushuntirishlar berish talab etildi.
Mahalliy “ZET” radiosi seshanba kuni Polsha sharqida Ukraina bilan chegarada joylashgan Pshevoduv qishlog‘idagi (Lyublin viloyati) don qurituvchi inshoat mahalliy vaqt bilan soat 15.40 da ikkita raketa bilan urilgani haqida xabar berdi. Buning oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan.
“Kyodo” agentligining xabariga ko‘ra, AQSH Prezidenti Jo Bayden va qator dunyo yetakchilari “katta yigirmalik” sammiti doirasida Polshadagi voqea munosabati bilan kengash o‘tkazdilar. Unda Yaponiya, Buyuk Britaniya, Kanada, Fransiya, Ispaniya, Niderlandiya, Italiya davlatlari va Yevropa Ittifoqining oliy rahbarlari ishtirok etishgan.
Uchrashuv tafsilotlari ochiqlanmangan.
Rossiya Mudofaa vazirligi Polsha ommaviy axborot vositalari tarqatgan mazkur xabarni provokatsiya, deb atagan.
O‘zA