Mamlakatimizda atrof-muhitni obodonlashtirish va tozalikka rioya qilish, maishiy chiqindilarni yig‘ish, saralash va qayta ishlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning 2017- yil 21- apreldagi “2017-2021-yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida 2017-2018 yillarda barcha viloyatlarda chiqindilarni qayta ishlash korxonalari qurish ko‘zda tutilgan.
Bugungi kunda chiqindilarni qayta ishlab, tayyor mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotganlar xorijdan zamonaviy texnologiyalar keltirib, o‘ziga xos klasterlar tashkil etayotir.
Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 10-11-mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida Kogon tumanida qurilishi mo‘ljallangan chiqindilarni saralash va qayta ishlash klasteri loyihasi bilan tanishgan edi. Oradan bir yil ham vaqt o‘tmasdan mazkur korxona faoliyat boshladi.
Korxonaga tumandagi bo‘sh turgan bino va inshootlar “nol” qiymatda berildi. Shartnomaga ko‘ra, 1,6 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, binolar ta’mirdan chiqarildi. 5,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga korxonaning asosiy ishlab chiqarish inshootlari qurildi.
Xitoydan bir kecha-kunduzda 450 tonna chiqindini qabul qilish quvvatiga ega liniya keltirib, o‘rnatildi. Bu yerda metall, tosh, shisha, yaroqsiz rezina va avtoshinalar, plastmassa, yog‘och-taxta bo‘laklari, shox-shabba, makulatura, qurilish materiallari chiqindisi, qiyqim matolar saralanadi va qayta ishlanadi. Ushbu chiqindilardan briket, sintetik tola, qog‘oz karton, to‘qimachilik matosi, pishgan g‘isht, biogumus va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilib, eksport qilinadi.
To‘rt yuzdan ziyod kishi mehnat qilayotgan korxonaga Buxoro va Kogon shaharlari, Buxoro, Kogon tumanlaridagi maishiy chiqindilar keltirilmoqda. Keyinchalik korxona faoliyatini kengaytirish, viloyatning barcha hududlaridan chiqindilarni yig‘ib, chiqindi poligonlarini chiqindilardan tozlash rejalashtirilgan. Natijada yana ko‘plab ishchi o‘rni yaratiladi.
Korxona atrofidan ishchilar uchun uy-joy, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, yopiq suzish havzasi, shifoxona, sport maydonchasi, avtoturargoh, maktab hamda maktabgacha ta’lim muassasasi qurish mo‘ljallamoqda.
Davlatimiz rahbari korxonaning ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi. Chiqindi yig‘ish qamrovi va qayta ishlash quvvatini yanada kengaytirish, shunday korxonalarni boshqa joylarda ham tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.