Toshkent shahrida 25 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Belarus Respublikasi Bosh vaziri Roman Golovchenko boshchiligidagi hukumat delegatsiyalari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda keng ko‘lamli hamkorlikni, jumladan, savdo-iqtisodiy, sanoat, transport-logistika, madaniy-gumanitar sohalarda yanada rivojlantirish masalasi atroflicha muhokama qilindi.

Belarus an’anaviy ravishda O‘zbekistonning muhim va ishonchli savdo sherigi bo‘lib kelgan. Mamlakatlarimiz iqtisodiyoti bir-birini to‘ldiradi. 2021 yil ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash qiymati 377 million dollarni tashkil etdi. Joriy yil bu ko‘rsatkichni 500 million dollarga yetkazish bo‘yicha sa’y-harakatlarni yanada faollashtirish zarurligi ta’kidlandi.

So‘nggi paytda Belarus ishbilarmon doiralari vakillarining mamlakatimizga qiziqishi keskin ortdi. Ayni jarayonda mahalliy mahsulotlarning tashqi bozorga chiqishi uchun teng sharoit yaratilishi muhim ahamiyatga ega.

Mavjud sheriklik qo‘shma sanoat kooperatsiyasi, jumladan, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika hamda mashinasozlik sohalarida ham kengaymoqda.

Shu bilan birga, O‘zbekiston bilan Belarus hamkorligini rivojlantirishda foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjudligi, o‘zaro savdoni faollashtirish maqsadida mamlakatlarimizda savdo uylari tashkil etish maqsadga muvofiqligi bildirildi.

Transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni kengaytirish ikki tomon uchun ham birdek manfaatli ekani qayd etildi. Bunda barcha transport turlarida yuk tashish uchun zarur shart-sharoit yaratish, hududlar orqali transport vositalarining to‘siqsiz tranzitini ta’minlashga qaratilgan harakatlarni davom ettirish lozimligi ta’kidlandi.

Belarus Bosh vazirining yurtimizga tashrifi davomida hukumat rahbarlari “Texnopark” majmuasiga ham borib, bu yerdagi ishlab chiqarish tarmoqlari bilan yaqindan tanishdi.

Ikki davlat vakillari Markaziy Osiyoda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, yangi rivojlanish nuqtalarini aniqlash, ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va mustahkamlash hamda yangi qo‘shma korxonalar tashkil etish maqsadida joriy etilgan “Innoprom. Markaziy Osiyo – 2022” xalqaro sanoat ko‘rgazmasida ham ishtirok etdi.

Muzokaralar natijasida ilm-fan, ta’lim, madaniyat, turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab kelishuvlarga erishildi.

Imzolangan hujjatlar ko‘p qirrali O‘zbekiston – Belarus hamkorligini yaqin va uzoq istiqbolda jadal rivojlantirishga xizmat qiladi.

Ulug‘bek MAHMIRZAEV, O‘zA muxbiri