Avval xabar berilganidek, Ozarbayjon Respublikasi Milliy Mejlisi Raisi Sahiba Gafarova rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Bugun, 1 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyevaning Ozarbayjon Respublikasi Milliy Mejlisi Raisi Sahiba Gafarova bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda tomonlar O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarining yuqori sur’atini, ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik ruhidagi ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlik kengayib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. O‘zbekiston va Ozarbayjon rahbarlari o‘rtasidagi ochiq va ishonchli munosabatlar ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda mustahkam asos hisoblanadi.

Tomonlar O‘zbekiston va Ozarbayjon turkiy tilli davlatlar tashkilotlarida faol ishtirok etayotganini ta’kidladi.

Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik aloqalari izchil rivojlanayotganligi, ikki davlat qonun chiqaruvchi organlarida do‘stlik guruhlari faoliyat ko‘rsatayotganligi qayd etildi.

Yuqori darajadagi ikki tomonlama kelishuvlarning amalga oshirilishini ta’minlash, shu jumladan, parlamentlarning savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi qo‘shma loyihalarni huquqiy jihatdan ta’minlash bo‘yicha o‘zaro hamkorligiga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, parlamentlar mutasaddi qo‘mitalari va komissiyalari o‘rtasida yaqin aloqalar o‘rnatish, parlament delegatsiyalari o‘zaro tashriflarini tashkil etish zarurligi ham ta’kidlandi. Tomonlar xalqaro tashkilotlar va parlamentlararo tuzilmalar doirasida aloqalarni yanada mustahkamlash va bir-birini qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor ekanligini bildirdi. Uchrashuvda o‘zaro manfaatli boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

Muzokaralar yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Ozarbayjon Respublikasi Milliy Mejlisi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi.

M.Komilova, O‘zA