Toshkent xalqaro investitsiya forumining ikkinchi kunida ham turli mamlakatlar ekspertlari ishtirokida ko‘plab sessiya, uchrashuv va davra suhbatlari bo‘lib o‘tdi.

Yuqori darajadagi anjuman doirasida xorijiy investorlar tomonidan qator yo‘nalishlarda muhim takliflar ilgari surildi. Tadbirda turli mavzudagi, yashil energiyadan innovatsion sanoatgacha, qishloq xo‘jaligidan iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirishgacha bo‘lgan masalalar muhokama qilindi.

Forum doirasida umumiy qiymati 7 milliard 833 million dollarlik 164 shartnoma imzolandi. Kelishuvlarning 97 tasi investitsiyaviy, 67 tasi savdo bitimi. Xorijiy investorlar, yirik xorijiy kompaniyalar, vazirlik va idoralar hamda mahalliy korxonalar o‘rtasida tuzilgan ushbu shartnomalar orqali mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan qator loyihalar amalga oshiriladi.

“Islohotlar o‘tkazishda makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash”, “Yangi ta’lim va 50+kelajak” kabi muhim mavzulardagi davra suhbatlari, “Markaziy Osiyoning investitsiya salohiyati”, “Moliya bozori – bozorni rivojlantirish drayveri sifatida”, “Qishloq xo‘jaligi sanoati uchun yangilangan ishlab chiqarish va yangi bozorlar”, “Transport-logistika infratuzilmasi rivojlanishidagi yangi bosqich”, “Chakana savdoning raqamli transformatsiyasi” mavzularida panel munozaralari qizg‘in muhokamalar maydoniga aylandi.

V2V va V2G formatidagi muzokaralarda tadbirkor va ishbilarmonlar muhim masalalarni yuzma-yuz hal etish imkoniga ega bo‘lishdi. O‘zbekistonlik ishtirokchilar tomonidan hududlarimiz investitsion salohiyati yuzasidan taqdimotlar namoyish etildi.

Tadbir doirasida bo‘lib o‘tgan, 300 dan ziyod xitoylik investor, 200 nafardan ko‘p mahalliy tadbirkor ishtirok etgan O‘zbekiston – Xitoy investitsiya forumida, asosan, sanoat kooperatsiyasida innovatsion loyihalar amalga oshirish bo‘yicha fikr almashildi.

– O‘zbekiston – Xitoy investitsiya forumi har ikki tomonda katta qiziqish uyg‘otdi, – dedi mamlakatimiz investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitov. – Ishtirokchilar diqqat markazida bo‘lgan farmatsevtika, sog‘liqni saqlash, raqamlashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha Xitoyning yirik kompaniyalari mamlakatimizda amalga oshirishni rejalashtirayotgan loyihalar haqida ma’lumot berildi. Hozir ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 7,4 milliard dollardan oshgan. Bu oldingi yillarga qaraganda ikki barobar ko‘p. Shu kunga qadar respublikamizga 8 milliard dollardan oshiq XXR investitsiyasi jalb qilindi. bugungi kunda mamlakatimizda ikki mingga yaqin Xitoy ishtirokidagi kompaniya faoliyat yuritmoqda.

Forumning ikkinchi qismida birgalikda innovatsion sanoat loyihalarini amalga oshirishga kelishildi. Kelajakda hamkorlikda ishlab chiqarilgan mahsulotlar nafaqat qo‘shni mamlakatlarga, balki uzoq chet davlatlarga ham eksport qilinadi.

Bir so‘z bilan aytganda, birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi strategik tashabbuslarni muhokama qilish va amalga oshirish uchun yangi maydon vazifasini o‘tadi. Eng muhimi, xalqaro biznes hamjamiyatiga O‘zbekistonning ulkan foydalanilmagan salohiyatini, mamlakatimizning qulay sarmoyaviy imkoniyatlarini namoyish qildi.

Go‘zal SATTOROVA,

Ulug‘bek MAHMIRZAEV,

Behruz XUDOYBERDIEV,

O‘zA muxbirlari