Urganchda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Xorazm viloyati hokimligi hamda viloyat iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasi hamkorligida O‘zbekiston va Janubiy Koreya tadbirkorlari o‘rtasida savdo aloqalarini kengaytirish, yangi qo‘shma korxonalar barpo etish va o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishga qaratilgan biznes forum bo‘lib o‘tdi.
Unda ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha muhim masalalar muhokama qilindi. Janubiy koreyalik ishbilarmonlarda viloyat tadbirkorlari va hunarmandlari tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazma katta taassurot qoldirdi.
– Forum mamlakatimiz, xususan, Xorazm viloyatining eksport, investitsiya va turistik salohiyatini yanada oshirish, ikki davlat ishbilarmonlari xamkorligini rivojlantirishga xizmat qiladi, – deydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari J.O‘roqov. – Shuningdek, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish maqsadida chet el investitsiyalarini jalb qilishga qo‘shimcha rag‘bat ham deyish mumkin. Bugungi kunda Janubiy Koreyaning qurilish, kosmetika, savdo, zargarlik sanoati sohalaridagi 30 dan ortiq yirik kompaniyalari vakillari yurtimizdagi investitsiya muhitiga qiziqish bildirmoqda.
Forum doirasida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarni o‘rtaga tashladi va muhokama qildi. Koreyalik tadbirkorlar mamlakatimizda yaratilgan qulay investitsiya muhiti bilan yaqindan tanishdi.
– Koreyalik ishbilarmon doira vakillari O‘zbekistonga katta qiziqish bilan qaraydi, – deydi Koreya Respublikasi delegatsiyasi rahbari Kim Yon Gu. – Chunki, mamlakatingizda xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar, berilayotgan turli imtiyozlar mahalliy tadbirkorlar bilan ishonchli hamkorlik qilish uchun g‘oyat qulay, deb o‘ylayman. O‘zbekiston Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyo mintaqasidagi asosiy savdo hamkori hisoblanadi. Jumladan, Koreya Respublikasining mintaqa davlatlari bilan mahsulot aylanmasi hajmining yarmidan ko‘pi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelishi ham fikrimni tasdiqlaydi.
– Xorazmlik hunarmandlarning mahsulotlariga qiziqib qoldim, – deydi koreyalik tadbirkor Li Su Sing. – Ularning qo‘l ishlanmalarini sanoatlashtirish va xalqaro bozorga chiqarish lozim. Bu voha ahli azaldan tadbirkorlik, savdo-sotiq bilan shug‘ullanganini tarixiy manbalardan o‘rgandim. O‘ylaymanki, ushbu tashrifim davomida o‘zim uchun ishonchli sherik topaman va yana ko‘p yillar mobaynida hamkorligimiz davom etadi.
Biznes forum doirasidagi tadbirlar muloqotlarga boy bo‘ldi. Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari va o‘z faoliyatini tashkil etish istagini bildirgan viloyatdagi yirik korxonalarning 150 dan ortiq vakillari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalari yaqin kunlarda yanada mustahkamlanadi.
Koreya Respublikasi delegatsiyasi a’zolari qadimiy Xiva shahrining tarixiy obidalarini tomosha qildi.