Moskva va Kiyev delegatsiyalari ishtirokida Ukrainadagi vaziyatni o‘nglash maqsadida Belarusning Gomel viloyatida uyushtirilgan muzokara nihoyasiga yetdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi. Qariyb 5 soat davom etgan uchrashuv yakunida tomonlar yana bir muloqot o‘tkazishga kelishishdi.
Rossiya delegatsiyasi a’zosi, prezident yordamchisi Vladimir Medinskiyning aytishicha, vakillar kun tartibidagi barcha masalalarni batafsil muhokama qilishdi, umumiy yondashuvlarni taxmin qilish imkonini beradigan nuqtalarni aniqlab olishdi.
Medinskiy keyingi uchrashuv tez kunlarda, Polsha-Belarus chegarasida bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi.
“O‘sha vaqtgacha har bir delegatsiya a’zolari hamda rahbarlari muzokaraning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z mamlakatlari yetakchilari bilan maslahatlashib oladi”, — deya o‘z so‘zini yakunladi prezident yordamchisi.
Rossiyaning muzokarada qatnashgan yana bir vakili, Davlat dumasi Xalqaro masalalar qo‘mitasi a’zosi Leonid Slutskiy “Rossiya 24” telekanali efirida “tomonlar bir-birini eshitgani” va “bir qator muhim masalalarda ijobiy natijaga erishish mumkinligi yuzasidan umumiy til topishgani”ni qayd etdi.
O‘z navbatida Ukraina prezidenti idorasi rahbarining maslahatchisi Mixail Podolyak tomonlar aniq qarorlarni ko‘zda tutuvchi ustuvor mavzularni belgilab olganini ta’kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, 2-bosqichda ushbu mavzular rivojlantiriladi. Ukraina uchun uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘t ochishni to‘xtatish masalasini muhokama qilish edi, dedi prezident mahkamasi boshlig‘ining maslahatchisi.